Markaziy bank “Fuqarolik kodeksi"ning 248-moddasiga o‘zgartish kiritish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqdi.

Unga ko‘ra, kodeks bilan belgilab qo‘yilgan pul majburiyatlari bo‘yicha talablarni qondirish navbatiga doir normalarga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishini nazarda tutadi.

Xususan, fuqarolarga ajratilgan mikroqarz yoki kredit bo‘yicha amalga oshirilgan to‘lov summasi, agar qarz oluvchining majburiyatlarini bajarish uchun yetarli bo‘lmasa, qarz oluvchining qarzi quyidagi tartibda so‘ndiriladi:

  • asosiy qarz bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlikni;
  • muddati o‘tgan foiz to‘lovlarini;
  • joriy davr uchun asosiy qarz bo‘yicha qarzdorlikni;
  • joriy davr uchun hisoblangan foizlarni;
  • neustoyka (jarima, penya);
  • qarzdorlikni qaytarish bilan bog‘liq kreditorning boshqa xarajatlarini.

Taklif etilayotgan o‘zgartirishlar bilan jismoniy shaxslarga ajratilgan mikroqarz yoki kredit bo‘yicha amalga oshirilayotgan to‘lov summalari pul majburiyatlarini to‘liq qoplash uchun yetarli bo‘lmasa, asosiy qarzning qaytarilishiga erishiladi.

Bu esa o‘z navbatida, qarz oluvchining qarzini to‘lashi uchun rag‘batlantirishga, ularning qarz yukini kamaytirishga hamda fuqarolarning kredit to‘lovlarini to‘lashini yengillashtirishga xizmat qiladi.

Loyiha bo‘yicha fikr va mulohazalar joriy yilning 21-oktabriga qadar havola orqali qabul qilinadi.


Avvalroq, regulyator banklarda milliy valyutadagi kreditlarning foiz stavkasi yana pasaygani haqida xabar bergandi.