“Hyundai Motor” kompaniyasi Sankt-Peterburgdagi zavodni sotishi mumkin, deya xabar bermoqda Janubiy Koreyaning “Tona Ilbo” gazetasi.

Avtomobil ishlab chiqaruvchisi yaqin orada yakuniy qaror qabul qilishni rejalashtirmoqda.

Joriy yilning 1-martidan mazkur zavod butlovchi qismlar yetishmasligi va yetkazib berish bilan bog‘liq muammolar tufayli ishlamay qolgandi.

Nashrning yozishicha, avgust va sentabr oylarida zavodda yig‘ilgan birorta ham mashina sotilmagan.

Biroq kompaniya soliqlar, xodimlarga ish haqi va elektr va suv uchun to‘lovlarni to‘lashda davom etmoqda.

Urush boshlanishidan oldin, yanvar-fevral oylarida Sankt-Peterburg zavodida ishlab chiqarilgan avtomobillar Rossiya va Yevropa bozorlariga oyiga 17 ming dona miqdorida sotilgan.

17-oktabrda “Hyundai” rahbariyatga mamlakatdagi vaziyat va kelajak istiqbollarini tahlil qiluvchi hisobotni taqdim etdi.

Hisobotda aytilganidek, kompaniya hozirgacha Rossiyada normal moliyaviy faoliyatni amalga oshira olmayapti. Agar vaziyat davom etsa, zavod bankrot bo‘lishi mumkin.


Avvalroq “Spot” Yaponiyaning “Nissan” avtokonserni Rossiya bozoridan ketishga qaror qilgani haqida yozgandi.