Joriy yilning 19 oktabridan Toshkent shahrida aholini issiqlik bilan ta’minlash ishlari boshlanadi. Bu haqda shahar hokimligining matbuot xizmati xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, issiqlik manbalaridan issiqlik muhitining aylanma harakati yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.

22-oktabrdan korxona va tashkilotlar, 24-oktabrdan esa ko‘p qavatli turar joy binolarini bosqichma-bosqich issiqlik energiyasi bilan ta’minlash boshlanadi.

Toshkent shahar hokimligi qarori bilan “Veolia Energy Tashkent” tomonidan ko‘rsatiladigan issiqlik ta’minoti xizmatlari bo‘yicha tariflar tasdiqlangandi.

Unga ko‘ra, kompaniya tomonidan tartibga solinadigan narxlar bazaviy tarif bo‘yicha 397 212 so‘m/Gkal miqdorida belgilandi.

Issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun chakana tariflar quyidagilar uchun avvalgi holda qoladi:

  • aholi uchun — 91 960 so‘m/Gkal;
  • kichik, o‘rta va yirik biznes uchun — 141 737 so‘m/Gkal.

Shuningdek, budjet tashkilotlari uchun chakana tarif 502 067 so‘m/Gkalni tashkil etadi.

Ushbu tarif e’lon qilingan kundan boshlab 15 kun o‘tib, ya’ni 2022-yil 21-oktabridan kuchga kiradi.