“Pasternak” restorani Toshkent xalqaro aeroportining “steril” zonasida joylashgan “Anor Business Lounge"da ovqatlanishni tashkil etish bo‘yicha tender g‘olibi bo‘ldi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” xabar bermoqda.

“„Uzbekistan Airports“ boshqaruv kompaniyasi xalqaro va mahalliy brendlarni jalb qilish orqali aeroportlarning noaviatsion faoliyatini rivojlantirish siyosatini tanladi. Biz uchun biznes zalda xizmat ko‘rsatish uchun shaharda ko‘rsatilayotgan xizmat darajasini saqlab qoladigan nomdor restoranni tanlash muhim edi”, — deya xabar qildi kompaniya matbuot xizmati.

Biznes-zal jo‘nab ketayotgan va tranzit yo‘lovchilar uchun xizmat ko‘rsatib, “Anor Business Lounge"da bo‘lish narxi 350 ming so‘mni tashkil etadi.

Xizmat Wi-Fi tarmog‘idan foydalanish, dush va alohida hojatxona, samolyotga chiqish uchun individual taklifnoma, ovqatlanish hamda alkogolli va alkogolsiz ichimliklarni o‘z ichiga oladi.

Xizmat haqini chegara nazoratidan o‘tishdan oldin Toshkent aeroportining kassasida yoki steril zonada bo‘lganda, Telegram-bot yordamida to‘lash mumkin.

Telegram boti orqali xizmatni xarid qilish uchun Toshkent aeroportini, keyin jo‘nab ketish terminalini va kerakli reysni tanlash kerak.

Keyin botga familiya va ismni lotin tilida kiritish, shundan so‘ng esa xizmat haqini Uzcard yoki Humo bank kartalari orqali to‘lash mumkin bo‘ladi.

Yaqin kelajakda “Uzbekistan Airports” biznes-zal uchun boshqa to‘lov usullarini ham joriy qilishni rejalashtirayotganini qo‘shimcha qildi.

“Toshkent” xalqaro aeroporti qanday o‘zgarishi haqida bu yerda tanishish mumkin.