“Abu Dhabi Uzbek Investment” kompaniyasi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasi ustav kapitalidagi 100% davlat ulushini $87 mlnga sotib oldi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi maʼlum qildi.

Sotuv jarayonida “KPMG Valuation and Consulting” xalqaro konsalting kompaniyasi Davaktiv agentligining xususiylashtirish bo‘yicha konsultanti vazifasini bajardi.

Aksiyalar paketini mustaqil baholash xalqaro baholovchi kompaniya “PricewaterhouseCoopers” tomonidan amalga oshirildi.

Bitim talabgor tomonidan sotib olish to‘loviga qo‘shimcha ravishda mehmonxonani rivojlantirish uchun $12 mln miqdorida investitsiya kiritish majburiyati bilan birga to‘lovni to‘liq bir yo‘la to‘lash orqali bajariladi.

Besh yulduzli “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasi 2016-yilda Toshkent markazida faoliyat boshlagan.

Maʼlumot uchun: “Abu Dhabi Uzbek Investment” (BAA-O‘zbekison) $1 mlrd.ga teng kapitalga ega bo‘lgan investitsiya kompaniyasi hisoblanadi.

Kompaniya O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (UFRD) hamda BAAning Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi (ADFD) tomonidan tashkil etilgan.


Avvalroq “Spot” “O‘zGAShKLITI” ustav kapitalidagi 100% davlat ulushi 133,7 mlrd so‘mga sotilgani haqida yozgandi.