Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi binosida 50 kVt quvvatli quyosh elektr stansiyasi ishga tushirildi, deya xabar berdi Energetika vazirligi.

Mazkur quyosh elektr stansiyasi yiliga 90 ming kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Natijada, 30 ming kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishilishi ta’kidlangan.

Stansiya korxona binosini kunduz kuni to‘liq elektr energiyasi bilan ta’minlaydi hamda ehtiyojidan ortgan qismini tarmoqqa uzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Avvalroq, Energetika vazirligi binosida quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilgandi. Stansiya yiliga 1,1 mln kVt-soatdan ziyod elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan kichik mobil quyosh fotoelektr stansiyasi yaratilgani hamda elektromobillarni quyosh energiyasida zaryadlovchi qurilma ishga tushgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, aholiga qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini xarid qilish xarajatlarining bir qismi qoplab berilishi ma’lum qilingandi.

Xususan, sotib olingan va o‘rnatilgan quyosh va shamol elektr stansiyasi qurilmalari uchun BHMdan kelib chiqib 7 barobardan 50 barobargacha kompensatsiya beriladi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini marketpleys orqali sotib olish mumkin.