Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari O‘zbekistonning frilans bozoriga chiqish imkoniyatlarini tahlil qildi.

Upwork” frilans platformasi hisobotiga ko‘ra, bugungi kunda frilanserlarga bo‘lgan talabning taxminan 50%i kichikroq va o‘rtacha kapital aylanishiga ega kompaniyalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Kompaniyalarning operatsion xarajatlarni kamaytirish va biznesning moslashuvchanligini ta’minlashga intilishi sabab frilans bozorida yuqori o‘sish sur’ati saqlanib qoladi.

Prognozlar 2025-yilga borib global frilans bozorining hajmi $13,84 trln.ga yetishini ko‘rsatmoqda.

Frilanserlarning foizi tez sur’atlar bilan oshishi va shtatdagi xodimlari strategik vazifalar bilan shug‘ullanadigan, qolgan barcha ishlarni autsorsingga beradigan kompaniyalar kelajak kompaniyalariga aylanishi ta’kidlanmoqda.

O‘zbekistonning frilans bozori

O‘zbekistonning frilans bozoriga kirishi qancha uzoq cho‘zilsa, mamlakat shuncha ko‘p imkoniyatni qo‘ldan boy berishi mumkin. Mamlakatning dunyo frilans bozoriga qanchalik muvaffaqiyatli kira olishi esa juda muhim masala hisoblanadi.

Tahlill davomida 2015−2021 yillarda O‘zbekistonning frilans bozoriga kirish uchun tayyorlik indeksi 4 ta blokka bo‘linib (“Iste'dodlarning borligi va sifati”, “Xarajatlar”, “Infratuzilmalar” hamda “Qulay sharoitlarni yaratish”) hisoblab chiqilgan.

Natijada mamlakatning frilans bozoriga kirish uchun tayyorlik indeksi 2015-yilgi 43,9 ko‘rsatkichdan 2021-yilda 59 gacha ko‘tarildi.

Bunga yuridik huquqlarning kuch indeksi, kompyuter, kommunikatsiya va boshqa xizmatlar hamda AKT tovarlari eksporti kabilarning yaxshilanishi ta’sir ko‘rsatgan.

Shuningdek, ma’lumotlarni uzatish xalqaro tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik imkoniyati 74,7 marotaba (2015-yilda 16,1 Gbit/s va 2021-yilda 1200 Gbit/s), masofaviy bank xizmatlari tizimidan foydalanuvchilar (jismoniy shaxslar) sonining 20,2 marotaba, aholining internet bilan ta’minlanganligi 2,2 marotaba o‘sishi umumiy o‘sishga eng ko‘p ta’sir ko‘rsatgan.

Shuningdek, boshqa bloklar bo‘yicha ham sezilarli o‘sish kuzatilgan. O‘zbekistonning frilans bozoriga kirish uchun tayyorlik darajasiga oliy ta’lim bilan qamrab olish (3,8 marotaba), internetdan foydalanuvchilar soni (2,4 marotaba) kabi ko‘rsatkichlarning ortishi, provayderlar uchun internet-xizmatlar (tashqi kanal) uchun tariflar qiymati ko‘rsatkichning pasayishi (86,4 marotaba) ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.

Boshqa ko‘rsatkichlar o‘zgarishsiz qolgan yoki ulardagi yaxshilanish 2 marotabadan kamroq bo‘lgan. Shuningdek, 4 ta ko‘rsatkich bo‘yicha qiymat pasayganini qayd etish joiz.

Frilans bozoriga kirish uchun tayyorlik indeksi bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.


Avvalroq PMTI nega O‘zbekistonda ayollarning iqtisodiy faolligi erkaklarnikiga nisbatan pastligi bo‘yicha tahlilni e’lon qilgandi.