Moliya vazirligi Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Xususan, quyidagilar uchun mol-mulk solig‘i va yer solig‘ining oshirilgan stavkalarini qo‘llashni bekor qilish ta’kidlangan:

  • bo‘sh turgan binolar;
  • foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari;
  • yashash uchun mo‘ljallanmagan inshootlar;
  • qurilishi tugallanmagan obyektlar.

Jismoniy shaxslar yer uchastkalaridan hujjatlarsiz yoxud yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilganidan kattaroq hajmda foydalanilganda yer solig‘ining oshirilgan stavkasini qo‘llash to‘xtatib turiladi.

2025 yilgacha sharoiti “og‘ir” bo‘lgan tumanlarda yangidan tashkil etilgan va o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlar yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini mazkur soliqlar bo‘yicha hisoblangan summaning 1%i miqdoridagi soliq stavkalari bo‘yicha, shuningdek aylanmadan olinadigan soliqni 1% miqdoridagi soliq stavkasi bo‘yicha to‘laydi.

Shuningdek, loyihada sharoiti og‘ir bo‘lgan tumanlar ro‘yxati ham keltirilgan.

Elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga 2025 yilgacha foyda solig‘ini hisoblashda yangi texnologik uskunalar qiymatining, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash xarajatlari summalarining 30%ini birinchi yilda investitsiyaviy chegirma sifatida chegirish huquqi beriladi.

Bundan tashqari, soliq imtiyozlari elektrotexnika tarmoq korxonalarining ixtisoslashtirilgan markazlariga ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarini amalga oshirishdan olingan daromadlari joriy hisobot davri yakunlari bo‘yicha jami daromadning kamida 60%ini tashkil qilganda tatbiq etiladi.

Loyiha bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Muhokamalar joriy yuilning 8-dekabrigacha davom etadi.


Joriy yilning iyul oyida ham Soliq kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgandi. U bilan ayrim faoliyat turini olib boruvchi tadbirkorlar 2025-yilgacha ijtimoiy soliqni 1% toʻlashi qayd etilgan.