Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) “Sojitz Corporation”, “Kyuden International” va “Nebras” kabi kompaniyalar ishtirokidagi Sirdaryo bug‘-gaz elektr stansiyasi qurilishi loyihasiga $500 mln miqdorida sarmoya kiritmoqchi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.

Bu bo‘yicha, O‘zbekiston Strategik islohotlar agentligi Shuhrat Vafoyev bilan Yaponiya xalqaro hamkorlik banki raisi Nobumitsu Xayasi o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda kelishuvga erishilgan.

Shuningdek, uchrashuv davomida energetika, kimyo, AKT va boshqa sohalarda ijtimoiy va strategik ahamiyatga ega bo‘lgan infratuzilma loyihalari bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirish bo‘yicha muhokama olib borildi.

JBIC banki bilan hamkorlikda qiymati $2,6 mlrd.dan ortiq 11 ta loyiha amalga oshirilgan bo‘lib, shundan $1,4 mlrd qismi bank krediti asosida yo‘naltirilgan.

Yaponiya banki xususiy sektor moliya institutlari uchun kreditlash, investitsiya va kafolat operatsiyalarini amalga oshiradi.

Avvalroq, Ispaniya va Yaponiya kompaniyalari “Talimarjon IES"da umumiy quvvati 900 MVtdan kam bo‘lmagan ikkita bug‘-gaz qurilmalarini barpo etishi haqida xabar berilgandi.

Unga ko‘ra, loyihani Osiyo taraqqiyot bankining imtiyozli kredit mablag‘lari hisobiga 2025-yilning yakuniga qadar amalga oshirish belgilangan. Loyihaga bosh pudratchilar sifatida Ispaniyaning “Intecsa Ingeniera Industrial” va Yaponiyaning “Mitsubishi Corporation” kompaniyalari tanlanib, shartnomalar imzolandi.