35 ta kompaniya o‘z majburiyatlarini bajarmaganligi uchun “IT Park” rezidenti maqomidan mahrum qilindi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xususan, asosiy majburiyatlar qatoriga quyidagilar belgilangan:

  • biznes-rejada ko‘rsatilgan faoliyat turlarini ro‘yxatga muvofiq amalga oshirish;
  • “IT Park"ga har chorakda o‘z faoliyati to‘g‘risida hisobot taqdim etish;
  • “har yili moliya-xo‘jalik faoliyati auditini o‘tkazish va auditorlik xulosasining bir nusxasini “IT Park"ga yuborish;
  • rezidentning “IT Park” bilan ishlash shartlari to‘g‘risidagi shartnomadan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish.

Nizom talablarini buzgan rezidentlar “IT Park” rezidenti maqomidan mahrum etiladi. Soliq tashkilotlari esa imtiyozlarni belgilangan tartibda davlat budjetiga to‘lash majburiyatlari tiklangan holda bekor qilish choralarini ko‘radi.

“IT Park” rezidenti maqomidan mahrum bo‘lgan kompaniyalar ro‘yxatida “Prosoft”, “Tib Solutions” hamda “Mimsoft” kabilar bor bo‘lib, to‘liq ro‘yxat bilan bu yerda tanishish mumkin.

Avvalroq, 119 ta kompaniya “IT Park” oldidagi majburiyatlarini bajarmagani uchun rezident maqomidan mahrum qilingandi.

Yil boshidan buyon “IT Park” rezidentlari deyarli 2 barobarga ortdi. Eksporter korxonalar soni deyarli 3 barobar, xorijiy korxonalar ishtirokidagi rezidentlar soni esa 6 barobarga ortgan.

Natijada, joriy yilda davlat rahbari belgilab bergan vazifalar ortig‘i bilan bajarilgani ta’kidlanmoqda.

“Xatto chet elliklar avvalgi „Tashkent — gorod xlebniy“ degan gapni, „Tashkent — gorod aytishniy“ degan maqolalar yozib O‘zbekistonni IT-xabga aylanayotganini muhokama qilishmoqda” — dedi AKT Sherzod Shermatov.

996 ta rezident kompaniyaning 736 tasi Toshkentda, 260 tasi esa viloyatlarda joylashgan hamda ular quyidagicha bo‘linadi:

  • 333 tasi -yangi ochilgan kompaniyalar;
  • 142 tasi — xorijiy kapitalga ega kompaniyalar;
  • 186 tasi — ta’lim kompaniyalari.

Shuningdek, 291 tasi eksportyor-kompaniyadan 150 tasi dasturchi-kompaniya hamda 141 tasi BPO kompaniya hisoblanadi. Yana 592 ta kompaniya “IT Park” rezidenti maqomini olgan bo‘lsa, 248 ta kompaniyaga maqom berilishi rad etildi.