“Davlat boji to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Hujjat bilan, ko‘chmas mulk, avtomototransportni boshqa shaxsga o‘tkazishda davlat boji miqdorlari kamaytirildi.

Xususan, ko‘chmas mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq shartnomalarni tasdiqlaganlik uchun Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyat markazlarida BHMning 1 baravari, boshqa aholi punktlarida joylashgan bo‘lsa, BHMning 50%i qilib belgilandi.

Mol-mulkni ijaraga berish shartnomasini tasdiqlaganlik yoki unga o‘zgartishlar kiritganlik uchun quyidagilar belgilandi:

  • mulkdorning xotiniga (eriga), uning va xotinining (erining) ota-onasi, bolalari va ularning eriga yoki xotiniga, nabiralariga, buvilariga, buvalariga, aka-ukalari va opa-singillariga — BHMning 10%i;
  • jismoniy shaxslar uchun — BHMning 25%i;
  • yuridik shaxslar uchun yoki agar taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lsa — BHMning 50%i.

Bundan tashqari, mol-mulkdan tekin foydalanish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun BHMning 25%i miqdorida davlat boji to‘lanadi.

Garov, ipoteka va lizing shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun:

  • jismoniy shaxslar uchun — BHMning 1 baravari;
  • yuridik shaxslar uchun yoki agar taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lsa — BHMning 2 baravari.

Qarz shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun esa BHMning 25%i miqdorida to‘lov belgilandi.

Avtomototransportni boshqa shaxsga o‘tkazish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun davlat boji quyidagi miqdorlarda undiriladi.

Oldin transport vositasi dvigatelining quvvati, ya’ni ot kuchiga va ishlab chiqarilgan sanasiga qarab BHMning 2 baravaridan 10 baravarigacha edi. Endi hujjat bilan BHMning 3 baravari qilib belgilandi.

Ilgari ishlab chiqarilgan sanasiga qarab BHMning 10%idan 50gacha bo‘lgan bitta mototransport, motoaravacha, motoqayiq uchun davlat boji BHMning 25%i qilib belgilandi.

Avtomototransport vositalarini boshqarishga va tasarruf qilishga oid ishonchnomalarni, shuningdek avtomototransport vositalaridan tekin foydalanish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun:

  • mulkdorning xotiniga (eriga), uning va xotinining (erining) ota-onasi, bolalari va ularning eriga yoki xotiniga, nabiralariga, buvilariga, buvalariga, aka-ukalari va opa- singillariga, jiyanlariga — BHMning 50%i;
  • boshqa shaxslarga — BHMning 2 baravari.

Shuningdek, qarz shartnomasidan kelib chiqadigan pul summalarini undirish to‘g‘risidagi ijro varaqalarini berganlik uchun davlat boji belgilangan stavkaning 50%i miqdorida undiriladi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirishi qayd etilgan.

Avvalroq, davlat rahbari notarial jarayonlarda aholiga qulayliklarni oshirishga oid taqdimot bilan tanishgandi. Unda mazkur qonun loyihasi haqida so‘z yuritilgandi.