Pokiston Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarni kengaytirish maqsadida O‘zbekiston bilan 8,2 mlrd.lik temir yo‘l qurmoqchi, deya xabar bermoqda “Samaa” nashri.

Bu haqda 5-dekabr kuni Pokiston Senatining temir yo‘llar bo‘yicha doimiy qo‘mitasi yig‘ilishida ma’lum qilingan.

Uchrashuvda temir yo‘llar vazirligi kotibi Zafar Ranja Pokistonni O‘zbekiston bilan bog‘laydigan Trans-Afg‘on temir yo‘l loyihasi muhokama qilinayotganini aytib o‘tgan.

Qo‘mita vazirlikka mazkur loyiha bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishda to‘liq ma’lumot berishni topshirdi.

Trans-Afg‘on temir yo‘li tashabbusi 2018-yilda boshlangan. Avvaliga qariyb $5 mlrd.ga baholangan va yiliga 20 mln tonna yuk tashish imkoniyatiga ega bo‘lgan loyihaga xorijiy o‘yinchilar, jumladan “Rossiya temir yo‘llari” ham qiziqish bildirgan.

Qurilish ishlarini 2021-yilning kuzida boshlash rejalashtirilgan edi, biroq Afg‘onistonda hokimiyat almashishi bunga yo‘l qo‘ymadi.

Muvaqqat hukumat muzokaralardan so‘ng loyihaga qo‘shildi va yanvar oyida hukumat temir yo‘lining asl yo‘nalishini tasdiqladi.

Qurilishga tayyorgarlik ishlari mart oyida, iyulda esa dala ishlari boshlangan. Iyul oyi oxirida Afgʻoniston boʻyicha boʻlib oʻtgan xalqaro konferensiyada “Oʻzbekiston temir yoʻllari” kompaniyasi boʻlajak temir yo‘l loyihasining tafsilotlari bilan tanishtirgandi.

Loyihani 5 yil ichida amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, “Boshtransloyiha” filiali qurilish qiymatini $4,6 mlrd.ga baholagan edi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, uning ishga tushirilishi O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi yuklarni yetkazib berishni 3−5 kungacha tezlashtiradi, shuningdek, uni uch barobar arzonlashtiradi.


Avvalroq “Spot” Turkiya-Eron-Turkmaniston-O‘zbekiston temir yo‘l yo‘nalishi ochilgani haqida yozgandi.