Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlik va sanoatni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor o‘tkazildi.

“Spot” unda ta’kidlangan muhim topshiriq va vazifalarni bir joyga jamaldi.


232 mingta korxona “yashirin iqtisodiyot” sharoitida ishlamoqda

Yaratilgan imkoniyatlarga qaramasdan, ayrim hududlarda aholi bandligini ta’minlash ko‘rsatkichlari yaxshi emasligi ta’kidlandi. 2022-yil davomida doimiy bandlar soni Kitob, Koson, Mirzaobod, Narpay, Nishon, Furqat tumanlarida kamaygan. Tegishli viloyat hokimlariga uch kun muddatda mazkur tuman hokimlariga nisbatan chora bo‘yicha taklif berish topshirildi.

“Xususiy sektorda faoliyat ko‘rsatayotgan 232 mingta korxonada ishchilar soni bor-yo‘g‘i 1 nafarni tashkil qiladi. Bu degani, ular haliyam “yashirin iqtisodiyot” sharoitida ishlab, “konvert"da oylik to‘lab kelmoqda”, deyiladi xabarda.

Bunday holat 47 ta tumanda eng yuqori. Xususan, Nukus, Zarbdor, Mirishkor, Muzrabot, Kattaqo‘rg‘on tumanlarida — 80%, Jondor, Koson, Urgut, Pastdarg‘om, Uchqo‘rg‘onda — 75%, Guliston, Namangan, Qo‘shko‘pir tumanlarida — 70% korxonalarda 1 ta ish o‘rni ko‘rsatilgan.

Shuningdek, chakana savdo, yo‘lovchi va yuk tashish, qishloq xo‘jaligi xizmatlari, mehmonxona, oshxona, IT, avtomobil ta’mirlash kabi faoliyatlar bo‘yicha ijtimoiy soliq stavkasi 12%dan 1%ga tushirilgan. Ushbu 47 ta tumandagi korxonalarning yarmidan ko‘pi aynan shu faoliyatlar bilan shug‘ullanadi.

“Lekin, bu tumanlardagi korxonalar adolatli soliq to‘lash va davlat bilan hamkorlikka o‘ta olmayapti”, qayd etiladi xabarda. Shuningdek, 25 yoshgacha bo‘lganlarni ishga qabul qilganda, tadbirkorlar 6 oy davomida ijtimoiy soliqdan ozod qilindi.

“Bu imtiyozlar aynan tumanlarda tadbirkorlikni rivojlantirishga turtki berishga qaratilgan-ku! Lekin, ushbu tumanlarning hokimi, birinchi o‘rinbosari va soliq rahbari nima bilan band? Nima uchun, 70−80% korxonalarida 1 nafardan xodim ishlayotgani bilan biror marta qiziqib ko‘rmagan?”, — dedi davlat rahbari.

Viloyat hokimlariga mas’ul idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda bu 47 ta tumanda so‘rov o‘tkazib, har biriga alohida yondashuvlarni ishlab chiqish topshirildi.


Norasmiy band bo‘lgan aholining qonuniy faoliyati ta’minlanadi

Aholiga tarqatish uchun belgilangan 100 ming gektar yerning 4 ming gektarida, xususan, Kosonda — 1,2 ming gektar, Bekobodda — 141 gektar, Nishonda — 123 gektar, G‘uzorda — 116 gektar, Sariosiyo, Ellikqal’a va Shumanayda — 90 gektardan yerlarda ekin ekilmagan.

“Odamlarimizni daromadli qilish maqsadida bu yerlarni oziq-ovqat ekish uchun bo‘lib berdik. Qachon bunday bo‘lgan? Lekin, tayyor ekin yeriga ega topa olmagan tuman hokimi o‘zi nima ish qiladi?”, — dedi Prezident.

Tegishli hududlar rahbarlariga 7 ta tuman hokimlari bo‘yicha taklif berish topshirildi. O‘tgan davrda sanoat ishlab chiqarish hajmi 15 ta tumanda pasaygan. Xizmatlar sohasida ham 15 ta tumanda o‘sish sur’atlari past.

“Mayli, bular sanoatni qila olmasin, chetdan investitsiya olib kelishni bilmasin, lekin xizmatlarni rivojlantirib, odamlarni rozi qilishga intilmagan tuman hokimlarining ishlashga haqqi yo‘q”, — dedi davlat rahbari. Bu tumanlar hokimlarining 1-o‘rinbosarlari, iqtisodiy idoralar rahbarlari faoliyatiga baho berish topshirildi.

Kelgusi yilda 2 mln aholiga daromad manbaini yaratib berish, bunda mehnat bozoriga kirib keladigan 700 ming nafar yoshlarni band qilishga alohida yondashuvlar joriy qilish, bugungi kunda mavsumiy va vaqtinchalik ishlar bilan band bo‘lgan 1,7 mldan ortiq aholini yil davomida ishlashiga sharoit qilib berish, norasmiy band bo‘lgan 3,8 mln aholining kamida 50%iga qonuniy faoliyat yuritishi uchun imkoniyatlar yaratish kabi vazifalar belgilab berildi.

O‘n kun muddatda aniq hisob-kitoblar bilan 2023-yil uchun aholi bandligi bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.


Paxta va g‘alladan bo‘shagan yerlar aholiga ajratiladi

Kelasi yili paxta va g‘alladan bo‘shagan 100 ming gektarni aholiga bo‘lib berish zarurligi qayd etildi.

Bundan tashqari, yerni qo‘lidan ish keladigan, dehqonchilikni biladigan odamlarga berish, kamida 600 ming aholini doimiy va 900 ming aholini mavsumiy daromad olishini ta’minlash zarurligi ham aytildi.

8 trln so‘mlik 600 dan ziyod saqlash, saralash va qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish orqali qishloq aholisi uchun sanoatda ish o‘rinlarini yaratish kerak. Shu bilan birga, kelasi yili qishloq xo‘jaligiga xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilinadigan $400 mln.ni ko‘proq doimiy ish o‘rinlari yaratadigan loyihalarga yo‘naltirish zarur.


Aholidan pillani xarid qilishda jahon birjalari narxiga tayaniladi

Endilikda yetishtirilgan pilla aholidan jahon birjalaridan kam bo‘lmagan narxda xarid qilinadi. Bu kamida 500 ming aholini band qilib, ularning daromadini 2−3 baravar oshirish imkonini beradi.

Ikkinchi yo‘nalish doirasida ishsizlik og‘ir bo‘lgan 1 mingta mahalla uchun 300 ta mikro-markaz tashkil etib, ularga tadbirkorlik uchun imkoniyat yaratilishi zarurligi qayd etildi.

Tuman va shaharlarning 255 ta markaziy ko‘chasi hamda 274 ta mahalladagi savdo-xizmat ko‘chalari to‘liq ishga tushishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga 17 ta tuman va shaharning master-rejalarini 1-aprelgacha yakuniga yetkazib, savdo va servis obyektlari uchun yangi yerlarni auksionga chiqarish topshirildi. Tushgan mablag‘lar yana 20 ta tuman va shaharning master-rejalarini ishlab chiqishga yo‘naltiriladi.


60 mingta ko‘chma savdo shoxobchalari uchun yerlar auksionga chiqariladi

Kelgusi yilda avtomobil yo‘llari bo‘yida 3 mingdan ortiq yer maydonlarini auksionga chiqarish ham servis sohasida yangi ish o‘rinlari uchun katta imkoniyat bo‘ladi.

1-aprelgacha 60 mingta ko‘chma savdo shoxobchalari uchun yerlarni auksionga chiqarish topshirildi. Bu orqali kelasi yili kamida 200 ming aholi uchun daromadli ish o‘rnini yaratish shart.

Uchinchi yo‘nalish — $8 mlrd.lik 300 ta yirik loyihani ishga tushirish hisobiga, yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratish, sanoat zonalarida 16 trln so‘mlik 1 ming 300 ta loyihani ishga tushirish shartligi qayd etildi.

Mutasaddilarga kelgusi yilda tadbirkorlarga 536 ta noruda konlar va maydonlarni auksion orqali sotish, bunga investorlarni jalb qilib, qurilish materiallari sohasida yangi doimiy ish o‘rinlari yaratishga topshiriq berildi.


90 mingta xonadonli uy-joylar quriladi

Investitsiya va tashqi savdo vazirligi investitsiya loyihalari va mahalliy sanoatda jami 320 mingta doimiy ish o‘rni yaratishga mas’ul bo‘lishi ta’kidlandi.

Prezident to‘rtinchi yo‘nalish — Yangi O‘zbekiston massivlari, ipoteka dasturi doirasida va xususiy sektor bilan kelasi yili 90 mingta xonadonli uy-joylar qurish shartligini qayd etdi.

Bugungi kunga qadar ipoteka dasturlari doirasida qurilishi kerak bo‘lgan xonadonlarning atigi 20 mingtasi yoki 40%i yakuniga yetgan. Bundan tashqari, Qashqadaryo, Namangan va Toshkent viloyatlarida jami 1 ming xonadonli uy-joylarni qurish ishlari boshlanmagan.

Bosh vazirga o‘n kun muddatda rejani bajarmagan hududlar bo‘yicha xulosa qilib, taklif kiritish topshirildi.


Mehnat qurollarini xarid qilishga subsidiya ajratiladi

Kelasi yili har bir viloyat hokimi 5−10 ming xonadonli uy-joy qurish rejasini qilib, buning uchun bir oy muddatda yer uchastkalarini auksionga chiqarishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga bir oy muddatda qurilish sohasida 6 oygacha ishga qabul qilish bo‘yicha soddalashgan mehnat shartnomalarini ishlab chiqib, kelgusi yilda norasmiy sektordagi 100 ming aholini qonuniy faoliyatga o‘tkazish vazifasi qo‘yildi.

Hokim yordamchilari bilan birgalikda har bir mahallada qurilish brigadalari tuzib, 50 ming aholini daromadli mehnat bilan ta’minlashga topshiriq berildi. Bunda, ularga mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya ajratilishi ta’kidlandi.