“TikTok” Moskvadagi bo‘limi ishchi kuchining katta qismini qisqartirdi, deya xabar berdi “Forbes” nashri.

“Forbes” manbalarining ta’kidlashicha, kompaniya faqat 10 nafar xodimni saqlab qolgan. Bular “TikTok” o‘yin jamoasining mutaxassislari bo‘lib, ular Dubayga ko‘chirilishi mumkin.

Qisqartirishlar haqida birinchi bo‘lib Rossiyaning “Russkiy Marketing” Telegram kanali va “Cherta” nashri manbalarga tayangan holda xabar bergandi.

“Forbes"ning Rossiyadagi “TikTok” bo‘limi rejalari bilan tanish bo‘lgan manbasi xabariga ko‘ra, qisqartirishlar 500 ga yaqin odamga ta’sir ko‘rsatgan.

Rossiya idorasi xodimlarga Qozog‘istonga ko‘chib o‘tishni taklif qilgan va u yerda ofis ochgan.

“Ammo u yerdagi maoshlar mamlakatdagi daromadlar darajasiga to‘g‘ri kelsa ham, buni istaganlar unchalik ko‘p emas edi, — deydi “Forbes” manbasi.

Qisman safarbarlik e’lon qilinganidan so‘ng, “TikTok"ning Rossiyadagi vakolatxonasi xodimlariga o‘z xohishiga ko‘ra Qozog‘iston, Armaniston yoki Qirg‘izistonga masofaviy ishlash uchun ko‘chib o‘tish taklif qilindi, deb yozadi “RBC” manbalarga tayanib.


Avvalroq “Spot” “Twitter” kompaniyasi ogohlantirishsiz 4400 ta pudratchini ishdan bo‘shatgani haqida yozgandi.