Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar Instituti tomonidan O‘zbekiston hududlarining yashash uchun qulaylik reytingi tuzildi.

Reyting hududlardagi ijtimoiy osoyishtalik, sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniyat, atrof-muhit va infratuzilmaviy qulayliklar kabi yo‘nalishlarga oid 37 ta ko‘rsatkichni o‘zida jamlagan kompozit indeks asosida tuzilgan bo‘lib, 2020−2021 yillar uchun hisoblandi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, Toshkent 2021-yilda O‘zbekistonda yashash uchun eng qulay hudud deb topildi. Poytaxtning reyting ko‘rsatkichi 65 ni tashkil etgan. Undan keyingi o‘rinlarda Buxoro (57), Navoiy (49) hamda Farg‘ona (48) turibdi.

Yo‘nalishlar bo‘yicha eng yaxshi natijalar quyidagicha qayd etilgan:

  • ijtimoiy osoyishtalik — Navoiy (69);
  • sog‘liqni saqlash — Toshkent (75);
  • madaniyat va atrof-muhit — Toshkent (70)
  • ta’lim — Qoraqalpog‘iston (63)
  • infratuzilmaviy imkoniyatlar — Toshkent (85).

2020−2021 yillarda reyting holatida Farg‘ona 7-pog‘onadan 4-pog‘onaga, Toshkent viloyati 12-pog‘onadan 9-pog‘onaga ko‘tarilgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston 9-pog‘onadan 12-pog‘onaga, Samarqand 4-pog‘onadan 5-pog‘onaga, Jizzax 5-pog‘onadan 6-pog‘onaga hamda Andijon 5-pog‘onadan 6-pog‘onaga tushgan.

Shuningdek, bu davrda mamlakatdagi barqarorlik ko‘rsatkichi +1 punktiga, sog‘liqni saqlash yo‘nalishi ko‘rsatkichi +1,4 punktiga, ta’lim ko‘rsatkichi +3,1 punktiga, infratuzilmalar ko‘rsatkichi +0,5 punktiga ortgan bo‘lsa, madaniyat va atrof-muhit yo‘nalishi ko‘rsatkichi -0,2 punktiga pasaygan.

Tahlillar eng yaxshi natija ta’lim yo‘nalishida qayd etilganini ko‘rsatmoqda. Bu yo‘nalish bo‘yicha ijobiy natijalarni masofaviy ta’lim platformalari ishga tushirilishi, oliy ta’lim muassasalari qabul kvotalarining oshirilishi bilan izohlash mumkin.

O‘zbekiston hududlarining yashash uchun qulaylik indeksi hududlarning kompleks rivojlanish darajasi, yashash va ishlash imkoniyatlari, turistik salohiyatini taqqoslashga yordam berishi qayd etilgan.

Avvalroq PMTI oʻzbek ayollarining martabaga erishish imkoniyatlarini tahlil qilgandi.