Xitoyning “Xiaomi” texnologik kompaniyasi ommaviy ishdan bo‘shatishni boshladi, u xarajatlarni kamaytirish maqsadida xodimlarining 10%ini qisqartirishni rejalashtirmoqda, deb yozadi “Financial Times” nashri.

“Kompaniya bu qadamni global inflyatsiya, Xitoyning COVID-19 epidemiyasi bilan kurashi, shuningdek, smartfonlarga bo‘lgan talabning pasayishi fonida qo‘yishga majbur”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, kadrlarni qisqartirish smartfonlar ishlab chiqarish hamda internet hamda xizmatlarni rivojlantirish bo‘limiga ta’sir qiladi.

Ishdan bo‘shatilgan ishchilarga uch oylik ish haqi miqdorida kompensatsiya, shuningdek foydalanilmagan ta’til kunlari uchun ikki baravar haq to‘lanadi, deyiladi nashr xabarida.

“DailyComm” nashri xabariga ko‘ra, kompaniya xodimlari 2022-yil 30-sentabr holatiga ko‘ra 35 mingdan ortiq kishini tashkil etgan.

“Canalys” tahlilchilarining fikricha, uchinchi chorakda jahon smartfon bozori o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9%ga qisqarib, 297,8 mln donani tashkil qilgan bo‘lsa, Xitoy bozorining o‘zi esa 11%ga qisqarib, 70 mln donani tashkil qilgan.

Tahlilchilarning fikricha, bunday talabning pasayish tendensiyasi yana 9 oy davom etadi.

“Xiaomi” kompaniyasi daromadi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,7%ga kamayib, $10,1 mlrdni tashkil etdi, sof daromadi esa 59,1%ga kamaydi. Daromad va foydaning pasayishi ketma-ket uchinchi chorakda qayd etildi.


Avvalroq “Spot” “TikTok” Moskvadagi xodimlarini ommaviy ishdan bo‘shatib, faqat 10 nafarini saqlab qolishi haqida yozgandi.