Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida tuman va shaharlar mavjud sharoiti, salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib 5 ta toifaga ajratilishi haqida ta’kidlagandi. Bu bo‘yicha prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan, 2023-yildan respublikaning 208 ta tuman va shaharlari 5 ta toifaga ajratiladi hamda shundan kelib chiqib tadbirkorlarga soliq imtiyozlari, subsidiyalar beriladi.

2023-yildan 2026-yilgacha soliq solishning tabaqalashtirilgan tartibi joriy etiladi hamda 5-toifadagi tumanlarda ro‘yxatdan o‘tgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan tadbirkorlar foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq va ijtimoiy soliqni 1% miqdorida to‘laydi.

Bundan tashqari, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini mazkur soliqlar bo‘yicha hisoblangan summaning 1%i miqdoridagi soliq stavkalari bo‘yicha to‘lanishi belgilangan.

Yirik soliq to‘lovchilar, doimiy muassasa, budjet tashkiloti va davlat korxonasi, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50% va undan ko‘proq miqdorda bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno.

Shuningdek, 5-toifadagi tumanlarda ro‘yxatdan o‘tgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan yakka tartibdagi tadbirkorlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining qat’iy belgilangan summalarini to‘lashdan ozod qilinadi.

2023-yildan 4 va 5-toifadagi tumanlarda ro‘yxatdan o‘tgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan kichik tadbirkorlik subyektlariga banklarning kredit va lizinglari bo‘yicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq Markaziy bank asosiy stavkasining 40%idan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun kompensatsiya beriladi.

Shu bilan birga, banklar kreditlarining 75%igacha, biroq umumiy qiymati 2,5 mlrd so‘mdan oshmagan miqdorda kafillik taqdim etiladi.

Bundan tashqari, farmon bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • aholi va tadbirkorlarga subsidiya ajratishning oshirilgan miqdorlari;
  • tadbirkorlik faoliyatini tuman va shaharlar toifalaridan kelib chiqib qo‘llab-quvvatlash choralari.

Toifalarga ajratilgan shahar va tumanlar ro‘yxati bilan bu yerda tanishish mumkin.

Avgust oyida davlat rahbari Qoraqalpog‘istonda foyda solig‘i stavkasini 15%dan 7,5%ga tushirish bo‘yicha topshiriq bergandi. Shuningdek, aylanma soliq stavkasi Nukus shahrida 4%dan 2%ga, tumanlarda 2%dan 1%ga, olis hududlarda esa 1%dan 0,5%ga pasaytiriladi.