Osiyo taraqqiyot banki chet ellik yoshlar uchun amaliyot dasturiga ariza qabul qilmoqda.

Dastur OTB amalga oshirayotgan ishlar haqida chuqurroq tushunchaga ega bo‘lish hamda bank faoliyatiga hissa qo‘shish imkoniyatini taqdim etadi.

Nomzodlar OTBga a’zo mamlakatlardan birining magistratura yoki PhD yo‘nalishi talabasi bo‘lishi kerak. O‘zbekiston bu ro‘yxatda bor.

Shuningdek, nomzodlar ingliz tilini yaxshi bilishi, tegishli bilim va tajribaga ega bo‘lishi hamda rivojlanishga qiziqish bildirishlari talab etiladi.

Amaliyotga ariza berish jarayoni OTB Karyera va bandlik tizimi (ACES) orqali onlayn tarzda amalga oshiriladi.

OTB arizalarni muvofiqlik talablari, akademik ta’lim va ish tajribasining dolzarbligi, qiziqish va motivatsiya darajasiga qarab baholaydi.

Ishtirokchilarga amaliyot davomida stipendiya ajratilib, aviachiptaning bir qismi qoplab beriladi. Amaliyotchilar qolgan xarajatlarni (turar joy, oziq-ovqat) o‘zlari qoplaydi.

Hozirda 2023-yilda o‘tkaziladigan amaliyot dasturining ikkinchi oqimiga arizalar qabul qilinmoqda hamda ularni 15-fevralgacha jo‘natish mumkin.

Batafsil ma’lumot bu yerda.

Avvalroq, Xitoy universiteti magistratura va PhD uchun grant dasturiga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.