2022-yilning noyabr oyida “Toshkent” xalqaro aeroportining jo‘nab ketish terminali oldidagi “P1” avtoturargohi test rejimida ishga tushirilgandi.

Mazkur avtoturargoh avtomatlashtirishning ikkinchi bosqichiga o‘tdi, deya xabar bermoqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati.

Avtoturargohga kirish va chiqish faqat avtotransport vositalarining davlat raqam belgilarini aniqlash orqali amalga oshiriladi. Agar raqam belgisini aniqlash iloji bo‘lmasa tizim avtomobilni to‘xtash joyiga kiritmasligi mumkin.

Avtoturargohdan chiqishda tizim yana avtomobilning davlat raqamini aniqlaydi va uni avtoturargohga kirish vaqtida aniqlangan raqam bilan taqqoslaydi.

Raqamlar mos kelsa va to‘xtash joyi uchun to‘lov amalga oshirilgan bo‘lsa, tizim mashinani chiqarib yuboradi. Ilgari raqamlari noma’lum bo‘lgan avtomashina haydovchilariga qog‘oz talon olish taklif etilar edi.

To‘lov, avvalgidek, parkomatlar orqali amalga oshirilib, oldin qog‘oz chiptadan foydalanish mumkin bo‘lgan bo‘lsa, endi haydovchi raqamini parkometrga kiritishi va istalgan qulay usulda to‘lovni amalga oshirishi mumkin.

“AMANO” ishlab chiqaruvchisining yechimi “ANPR” kameralaridan foydalish hisoblanadi. Qurilmalar “Deep Learning” algoritmlariga asoslangan ichki raqam belgilarini aniqlash (ANPR) vositasiga ega.

Bu esa, avtomashina raqamlarini kameraning o‘zi orqali tanib olish imkonini beradi va server hisoblash resurslarini tejaydi.


Avvalroq, Toshkentning 10 ta markaziy ko‘chasida pullik “parkovka"lar tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.