Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida quvvati 1573 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasi quriladi. Bu bo‘yicha, prezident qarori qabul qilindi.

Energetika vazirlizi matbuot xizmatining ta’kidlashicha, mazkur stansiya 61,9 gektar maydonida qurilib, “H” toifasidagi qombinatsiyalangan siklda ishlaydi.

Shuningdek, stansiya 2026-yilda ishga tushiriladi hamda foydali ish koeffitsiyenti 60%dan yuqori bo‘lgan qurilmalarni o‘rnatish xisobiga yiliga 12 mlrd kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Buning natijasida yiliga 1,1 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi, deyiladi xabarda.

Qurilish davomida 2 500 nafar, ishga tushirilgandan so‘ng esa 120 nafar doimiy ish o‘rinlari yaratiladi.

2022-yilning mart oyida viloyatning Shirin shahrida quvvati 1 600 MVt boʻlgan bugʻ-gaz issiqlik elektr stansiyasini qurish" investitsiya loyihasi doirasida EDF (Fransiya) Nebras Power (Qatar) va Sojitz (Yaponiya) kompaniyalari konsorsiumi oʻrtasida elektr energiyasini sotib olish boʻyicha bitim imzolangandi.

Dekabr oyida Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) “Sojitz Corporation”, “Kyuden International” va “Nebras” kabi kompaniyalar ishtirokidagi Sirdaryo bug‘-gaz elektr stansiyasi qurilishi loyihasiga $500 mln miqdorida sarmoya kiritishi ma’lum bo‘lgandi.