“Turkiye Burslari” grant dasturiga arizalar qabul qilinmoqda.

Dastur Turkiya hukumati tomonidan moliyalashtirilib, unda butun dunyodan bakalavr, magistratura va PhD uchun nomzodlar hujjat topshirishi mumkin.

Har bir yo‘nalishning ma’lum yosh chegarasi mavjud: bakalavr uchun 21 yosh, magistratura uchun 30 hamda PhD uchun 35 yoshdan oshmagan bo‘lishi kerak.

Hujjatlar onlayn qabul qilinib, nomzodlar akademik baholari bilan birga erishgan yutuqlarini tasdiqlovchi hujjatlar hamda tavsiya xatini joylashlari kerak. Bakalavriatura uchun o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 70%, magistratura uchun esa 75%dan past bo‘lmasligi kerak.

Bundan tashqari, agar har ikkita daraja uchun hujjat topshirishni istagan nomzod sog‘liqni saqlash yo‘nalishini tanlasa, u holda o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 90% bo‘lishi shart.

Arizalarni hamda niyat xatini nomzod (PhD dan tashqari) o‘zi uchun qulay bo‘lgan tilida (o‘zbek tilida ham) to‘ldirishi mumkin.

Magistratura va PhD uchun hujjat topshirishda niyat xati bilan birga o‘qish davomida tadqiq qilmoqchi bo‘layotgan ilmiy ishi haqida ham so‘raladi: tanlagan mavzusi, ahamiyatlili, kerakli adabiyotlar va boshqalar.

Shuningdek, platforma orqali 12 tagacha bo‘lgan universitet va yo‘nalishlarni tanlash mumkin. Bunda tanlagan yo‘nalishi oldingi tahsil olgan mutaxassisligi bilan to‘g‘ri kelishi zarur.

Dastur barcha xarajatlarni qoplaydi, xususan, qabul qilinganlar turar joy, ovqatlanish, parvozlar va tibbiy sug‘urta bilan ta’minlanadi. Bundan tashqari, barcha yo‘nalishlar uchun oylik stipendiya beriladi.

Arizalarni havola orqali to‘ldirish mumkin. Buning uchun nomzod tizimda ro‘yxatdan o‘tib barcha bo‘limlarda so‘ralgan ma’lumotlarni to‘ldirishi va hujjatlarni kiritishi kerak.

Hujjatlarni joylash grant dasturining birinchi bosqichi bo‘lib, saralangan nomzodlar suhbatga chaqiriladi. Platformada suhbatdan o‘tish joyini ham tanlash mumkin. O‘zbekistonliklar uchun suhbat Toshkentda o‘tkaziladi.

Arizalarni 20-fevralgacha jo‘natish mumkin. Batafsil ma’lumot bu yerda.


Avvalroq, Xitoy universiteti magistratura va PhD uchun grant dasturiga arizalar qabul qilayotgani haqida xabar berilgandi.