Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar ayni paytda Turkiy investitsiya jamg‘armasini tashkil etish masalasi ustidaish olib bormoqda, deya xabar berdi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

Mazkur jamg‘arma turkiy davlatlar tomonidan tashkil etilgan asosiy qo‘shma moliya institutiga aylanishi kutilmoqda hamda jamg‘arma mablag‘lari qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, jamg‘arma tadbirkorlikni rag‘batlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashni o‘z ichiga oladi.

Bitim loyihasini ishlab chiqish uchun mas’ul bo‘lgan Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston ekspertlarining navbatdagi uchrashuvida ichki tartib-qoidalarni qisqa muddatda yakunlashga hamda rejalashtirilgan qo‘shma tadbirlar doirasida bitimni imzolashga kelishildi.

Turkiy investitsiya jamg‘armasini tashkil etish 2023-yilga mo‘ljallangan.

2022-yilning noyabr oyida Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti Shavkat Mirziyoyev qo‘shma investitsiya fondini ishga tushirishni taklifini bildirgandi.

Bundan tashqari, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar Turkiy davlatlar texnoparklarining qo‘shma assotsiatsiyasi tashkil etiladi. Assotsiatsiyaning maqsadi ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasida IT-sanoat sohasida hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.