Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 2023 yil uchun rejalar muhokama qilinmoqda.

Xususan, joriy yilda 5 mln nafar aholi bandligini ta’minlash, 2 mln.ta doimiy ish o‘rinlarini yaratish zarurligi qayd etildi.

Andijon viloyati joriy yilda quyidagicha ish o‘rinlari yaratishni reja qilgan:

  • investitsiya loyihalari hisobiga 40 mingta;
  • paxta va g‘alladan bo‘shagan yerlarni aholiga bo‘lib berish hisobiga 75 mingta;
  • mavsumiy ishlar orqali 200 mingta;
  • mahallalarda mikromarkazlar tashkil etish, sanoat zonalarida ishlab chiqarishni kengaytirish va markaziy ko‘chalarni xizmatlarga ixtisoslashtirish, savdo-servis obyektlarini barpo etish hisobidan 135 mingta;
  • oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida ajratiladigan kreditlar hisobidan 20 mingta.

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida quyidagi ishlar belgilangan:

  • kartoshkachilikni yo‘lga qo‘yish orqali 10 ming;
  • bog‘larning sug‘orish tizimini tiklash hisobiga 2 ming;
  • Ko‘kdalada tarvuz ekishni yo‘lga qo‘yish orqali 32 ming;
  • Mirishkorda dala chetlariga tut ektirish hisobiga pillachilikda qo‘shimcha 6 ming aholini daromadli qilish.

“Qolgan viloyatlar-chi? Bu borada hududlarning dasturlari bilan birma-bir tanishib chiqdim. Ochiq aytish kerak, ayrim viloyat, tuman va shahar hokimlari masalaning ichiga kirmagan”, — dedi prezident.

Navoiy, Buxoro, Namangan, Qo‘qon, Ohangaron va Chirchiq shaharlari, Zafarobod, Arnasoy, Vobkent, Shofirkon, Kogon, G‘ijduvon, Romitan tumanlarining bandlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha rejalari puxta ishlab chiqilmagani, ularda mavjud barcha imkoniyat va zaxiralar hisobga olinmagani tanqid qilindi.

Shu bilan birga, kambag‘allik ko‘rsatkichlari respublika bo‘yicha yaxshilangan bir paytda, Navoiy, Surxondaryo va Farg‘onada o‘zgarish sezilmayotgani ta’kidlandi.

Prezident kambag‘allikni qisqartirishning eng asosiy mexanizmi — aholini daromadli ish bilan ta’minlash ekanini qayd etdi.

Shu bois, ma’muriy islohotlar doirasida kambag‘allikni qisqartirishga mas’ul 5 ta idora yaxlit tizimga aylantirildi.

Endilikda mehnat resurslari va ishsizlik hisobini yuritish ham, bandlikka ko‘maklashish va tadbirkorlikni mahallabay rivojlantirish ham bitta — Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida bo‘ladi.

Bundan tashqari, yangi vazirlikka Xitoydan kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha katta tajribaga ega ekspertlar jalb qilinmoqda.

Bosh vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorov, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga ushbu ekspertlar bilan birga barcha viloyatlarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amaliy ishlarni tashkil qilish, viloyat hokimlari bilan birga 2023-yil uchun bandlik dasturini tumanlar kesimida qaytadan ko‘rib chiqib, tasdiqlash topshirildi.