Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekistonning 29 ta tijorat banki uchun “Banklar faollik indeksi"ni yangilab, 2022-yilning to‘rtinchi choragi bo‘yicha reytingini tuzdi.

Tadqiqotda banklar katta va kichik guruhga bo‘lingan. Bunda kichik banklar guruhiga faqat Toshkentda (yoki faqat bitta hududda) faoliyat yurituvchi banklar kiradi.

2022-yil 1-dekabr holatiga ko‘ra respublika bank tizimining aktivlari jami 555,3 trln so‘mni tashkil etdi va 2021-yilning mos davriga nisbatan 29,9%ga o‘sgan.

Shuningdek, banklarning majburiyatlari — 476,9 trln so‘m (+32,4%), kreditlar qoldig‘i — 382,1 trln so‘m (+19,1%) hamda depozitlar qoldig‘i — 216,5 trln so‘m (+50,9%)ni tashkil etgan.

O‘zbekistonda banklarning kredit portfeli qoldig‘i (banklar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarga berilgan kreditlar bo‘yicha qarz qoldig‘i) 1 dekabr holatiga ko‘ra 382,1 trln so‘mni tashkil etdi.

Depozitlarning umumiy hajmi 216,5 trln so‘m, depozitlarning kreditlarga nisbati o‘tgan davrga (44,7%) nisbatan ijobiy (56,7%) o‘zgardi. Tarkibi bo‘yicha kredit qoldiqlarining asosiy qismi 74,4% — yuridik shaxslar, 25,6% — jismoniy shaxslar hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, depozit qoldiqlari bo‘yicha yuridik va jismoniy shaxslarning ulushlari mos ravishda 73,3% va 26,7%.

Yirik banklar faoliyati reytingi

To‘rtinchi chorak yakunlari bo‘yicha “Kapitalbank” O‘zbekistonning eng faol yirik banklari reytingida yana birinchi o‘rinni egalladi. “Hamkorbank” o‘z mavqeini saqlagan holda reytingda ikkinchi o‘rinda bo‘lsa, “Asia Alliance bank” bir pog‘onaga ko‘tarilib, “Trastbank” bilan o‘zaro o‘rin almashishdi va kuchli uchlikni yakunladi.

“Asia Alliance bank” likvidlik (1-o‘rin) va moliyaviy vositachilik (1-o‘rin) ko‘rsatkichlarini saqlab qoldi, aktivlar sifati ko‘rsatkichlarini ikki pog‘onaga yaxshilagan holda — 5-o‘ringa va boshqaruv samaradorligi ko‘rsatkichlarini 3 pog‘onaga yaxshilab — 6-o‘ringa ko‘tardi.

Biroq, reyting natijalari shuni ko‘rsatadiki, “Asia Alliance bank” kapital yetarliligi ko‘rsatkichlariga e’tibor qaratishi kerak, ular o‘zgarishsiz qolmoqda, chunki bank bir yil avvalgidek ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha reytingning so‘nggi qatorini (17-o‘rin) egallab turibdi.

banklar, banklar indeksi, faollik indeksi

To‘rtinchi chorakda moliyaviy vositachilik ko‘rsatkichi bo‘yicha “O‘zmilliy bank” yirik banklar reytingida 17-o‘rinni saqlab qoldi, shuningdek, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha “Hamkorbank” uch pog‘onaga, “Invest Finans bank” va “Agrobank” ikki pog‘onaga, “Xalq bank” bir pog‘onaga pastladi.

Daromad olish salohiyati ko‘rsatkichi bo‘yicha reytingda “Asaka bank” eng pastki pog‘onani saqlab qoldi, “Xalq bank” 2 pog‘onaga, “Aloqa bank” va “Agrobank” 1 pog‘onaga tushgan.

Boshqaruv samaradorligi ko‘rsatkichi bo‘yicha “O‘zsanoatqurilishbank” to‘rt pog‘onaga pastladi. “Mikrokreditbank” boshqaruv samaradorligi va likvidligi jihatidan esa eng yomon bank bo‘lib chiqdi.

“Asaka banka"ning moliyaviy imkoniyatlari va likvidlik ko‘rsatkichlari biroz yaxshilanganiga qaramay, ushbu bank umumiy reytingda oxirgi o‘rinni egallab turibdi.

Kichik banklar faoliyati reytinggi

14 ta kichik banklar orasida Top-uchlik o‘zgarishsiz qoldi, ya’ni 2022-yilninguchinchi choragidagi kabi “Davrbank”, “Universal bank” va “Ziraat bank” yetakchi o‘rinlarini saqlab qoldi.

“TBC bank” va “Garant bank” reytingda o‘z o‘rnini saqlab qola olmadi, “Tenge bank”, “Anor bank” va “O‘zagroeksportbank” esa reytingda bir pog‘ona ko‘tarildi.

banklar, banklar indeksi, faollik indeksi

O‘zbekistonda bank tizimi hali ham faol rivojlanish bosqichida va davlat banklarini xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Bank sektoridagi davlat ulushini 2025-yilda 82%dan 40%gacha kamaytirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, 2027-yilgacha O‘zbekistonda faqat bitta davlat banki qolishi haqida qayd etilgandi.

Xususan, 2022-yilning dekabr oyida Vengriyaning “OTP Bank"i “Ipoteka bank"ni sotib oldi.

Yil oxirigacha esa “O‘zsanoatqurilishbank” va “Asakabank"ning davlat ulushlarini sotuvga qo‘yish, bu jarayonga Xalqaro moliya korporatsiyasi, YeTTB va OTBni jalb etish rejalashtirilgandi. Biroq, YeTTB banklarni xususiylashtirish jarayonini biroz surishni maslahat berdi.

Joriy yilning 1-iyuliga qadar “Xalq banki”, “Mikrokreditbank”, “Aloqabank”, “Agro bank” va “O‘zmilliybank"larning aksiyalarini fond birjasi orqali ommaviy joylashtirish (IPO) ishlarini tashkillashtirilishi kerak.