Bir hafta ichida gaz quyish shoxobchalariga kunlik gaz yetkazib berish hajmi 1 mln kub metrdan 5 mln kub metrga oshiriladi. Bu haqda Prezidentning Namanganda o‘tkazilgan tadbirkorlar bilan muloqotida ta’kidlandi.

Shuningdek, sanoat va xizmat ko‘rsatishni tiklash uchun respublika bo‘yicha kuniga 80 mln kub metr gaz va 126 mln kilovatt soat elektr yetkazib beriladi. Hozir 70 mln kub metr gaz va 120 mln kilovatt soat elektr berilmoqda.

Andijon va Farg‘onada bo‘lgan uchrashuvlarda ko‘plab tadbirkorlar elektr ishlab chiqarishni o‘zi yo‘lga qo‘yish, kichik quyosh stansiyalarni va mikroGESlar qurishga tayyorligini bildirgan.

“Bunday tashabbusi bor Namangan tadbirkorlarini ham, albatta, qo‘llab-quvvatlaymiz”, — dedi prezident.

Qurilish va qurilish materiallari tarmoqlarini tezroq tiklash uchun davlat investitsiya dasturidan 3 trln so‘mlik moliyalashtirish shu haftadan ochilishi ma’lum qilindi. Xususan, Namanganda infratuzilmani yaxshilashga bu yil 1,3 trln so‘m yo‘naltiriladi.


Avvalroq, 30-yanvardan metan “zapravka"lar faoliyati qayta tiklanishi ma’lum qilingandi. 2-fevraldan barcha hududlardagi “zapravka"lar faoliyati bosqichma-bosqich tiklandi. Biroq, bu hududlar sharoitidan kelib chiqib, mahalliy hokimliklar tomonidan taqdim etilgan ro‘yxat asosida amalga oshiriladi.