Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonda iqtisodiy boshqaruvni yaxshilashga $150 mln miqdorida qarz va $400 ming miqdorida grant ajratadi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bank Iqtisodiy boshqaruvni yaxshilash dasturining 2-fazasi birinchi kichik dasturi davlat sektori boshqaruvi islohotlaridagi OTBning oldingi ko‘magini davom ettiradi.

Dastur doirasida hukumatga moliyaviy boshqaruvning samaradorligi va shaffofligini oshirish, davlat korxonalari boshqaruvi va faoliyatini takomillashtirish maqsadida huquqiy, tartibga solish va institutsional bazani isloh qilishda yordam berilmoqda.

“OTB mamlakatga makroiqtisodiy barqarorlikni, inklyuziv va barqaror o‘sishni ta’minlagan holda ushbu maqsadga erishishda yordam berishda davom etadi”, — dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha Bosh direktori Yevgeniy Jukov.

Birinchi kichik dastur doirasidagi ishlar quyidagilarga qaratilgan:

  • fiskal xavf va davlat qarzini boshqarishni kuchaytirish;
  • gender jihatlarni va yashil budjetni inobatga olgan holda budjetni tuzish orqali davlat resurslarini taqsimlashni yaxshilash;
  • axborot texnologiyalariga asoslangan soliq boshqaruvi orqali ichki resurslarni safarbar qilish.

Shuningdek, ijtimoiy himoya qamrovini kengaytirib, korrupsiyaga qarshi kurash va audit tizimlari samaradorligini oshiradi.

Bundan tashqari, dastur O‘zbekistonning “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Aniq milliy reja Hukumatga Parij kelishuvi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga, infratuzilmani modernizatsiya qilishga va ishchi kuchini “yashil” ish o‘rinlari uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarga o‘rgatishga yordam beradi.

“Davlat sektori investitsiyalari uchun fiskal maydon va O‘zbekistonda xususiy sektorni rivojlantirish uchun qulay muhit yaratishga davlat korxonalarining moliyaviy shaffofligini oshirish, korporativ va professional boshqaruvini takomillashtirish va monopoliyaga qarshi kurash tizimlarini mustahkamlash muhim ahamiyat ega”, — dedi OTBning Davlat boshqaruvi bo‘yicha bosh iqtisodchisi Chidem Akin.

Xususan, $400 ming miqdoridagi texnik ko‘mak granti islohotlarni amalga oshirishga yordam beradi.

2022-yilning sentabrida OTB $2,8 mlrd.lik 27 ta loyihani O‘zbekiston bilan birgalikda amalga oshirish to‘g‘risida kelishuv amalga oshirgandi. Undan oldin esa irrigatsiya sohasini modernizatsiya qilishga $150 mln ajratishi ma’lum qilingandi.

Bundan tashqari, bank shaharsozlik uchun qariyb $60 mln, ipoteka bozorini yaxshilashga $150 mln ajratadi.

Shuningdek, Samarqandda o‘tkazilgan iqtisodiy forum doirasida OTB Buxoro issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishga $100 mln, maktabgacha ta’lim muassasalarini qurishga $75 mln, Buxoro va Andijon viloyatlarida tibbiyot markazlarini tashkil etishga $240 mln, budjetni qo‘llab-quvvatlash loyihasiga $500 mln.lik bitimlarni imzolagandi.

Yil yakunida qaysi sohalarni qo‘llab-quvvatlash Markaziy Osiyoda kichik biznesga yordam berishi haqidagi hisoboti e’lon qilindi.