“Uzbekistan Airports” yo‘lovchilarni kutib oluvchilar uchun “Toshkent” xalqaro aeroportining uchib kelish zali yonidagi P2 va P3 avtoturargohlarida ikkita yangi hudud quriladi, deya xabar berdi kompaniya matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, yo‘lovchilar oqimining jadal sur’atlarda o‘sib borayotgani, yaqinlari va do‘stlari bilan uchrashish uchun kelganlarga uchib kelish terminalida ajratilgan hudud yetarli bo‘lmay qolgan.

14-yanvardan barcha kutib oluvchilar uchib kelish zallariga kirib, terminal ichida bojxona hududigacha bo‘lgan joyda uchib kelayotgan yo‘lovchilarni kutishlari mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Ilgari ta’kidlanganidek, 2018-yilda qurilgan uchib kelish zali xalqaro standartlarga javob bermaydi, u yerda kutib oluvchilar uchun joy ajratilmagan.

“Bir necha kun ichida biz bojxona zonasini kutib olish zonasidan ajratish choralarini ko‘rdik. 400 kv.m. maydon har kuni aeroportga yaqinlarini kutib olishga kelganlar uchun juda torlik qildi”, — dedi “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ra’no Djurayeva.

Uning so‘zlariga ko‘ra, odamlarning ko‘pligi kutib oluvchilar uchun ham, jonli yo‘lakdan o‘tishga majbur bo‘lgan o‘lovchilar uchun ham noqulayliklar tug‘dirgan va yo‘lovchilar va xavfsizlikni ta’minlovchi xizmatlardan juda o‘p shikoyatlar kelib tushgan.

“Bu vaqt davomida biz kutib oluvchilar uchun yangi hudud loyihasi ustida ishladik. Ammo, birgina bino vaziyatni sezilarli darajada o’zgartirmasligini anglab yetdik”, — dedi u.

Ma’lum qilinishicha, taxminan mart oyining oxiriga qadar umumiy maydoni qariyb 1400 kv.m bo‘lgan ikkita shunday hudud quriladi — biri mavjud soyabonlar o‘rniga, ikkinchisi — ketish va kelish zallari oralig‘idagi P2 avtoturargohida.

Qayd etilishicha, yaqin kunlarda aeroport oldi maydonida qurilish-montaj ishlarini boshlash rejalashtirilgan.


Avvalroq “Spot” Toshkent aeroportiga kutib oluvchilar kiritilmayotgani haqida yozgandi.