Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan aholini uy-joy bilan ta’minlash va ipoteka bozorini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar samarasi tahlil qilindi.

Qayd etilishicha, so‘nggi besh yilda uy-joy qurilishi qariyb 2 barobar ortib, aholi jon boshiga uy-joy bilan ta’minlanish darajasi 15,7 kvadrat metrdan 18,2 kvadrat metrgacha yoki 16%ga oshdi.

2022-yilda 24,3 mingta, shu jumladan “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 3,5 mingta xonadon foydalanishga topshirildi.

2022-yilda yakka tartibdagi uy-joylarni qurish yoki sotib olish uchun tijorat banklari tomonidan 37,6 mingta oilaga 8,2 trln so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratildi (2021-yildagiga nisbatan 2 marotaba ko‘p), daromadi yuqori bo‘lmagan 16,7 mingta oilaga 767,4 mlrd so‘m miqdorida subsidiya berildi.

Aholini uy-joy bilan ta’minlash va ipoteka bozorini rivojlantirish maqsadida 2022-yilda amalga oshirilgan ishlar:

  • yo‘l va muhandislik infratuzilmalari qurilishiga respublika byudjetidan 730 mlrd so‘m, shu jumladan “Yangi O‘zbekiston” massivlari uchun 470 mlrd so‘m ajratildi;
  • 282 ta tadbirkorlik subyektiga bank kreditlarini qisman qoplash uchun Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasidan 49,5 mlrd so‘mlik kompensatsiya to‘landi;
  • 380 ta pudrat tashkilotiga 724 ta ko‘pqavatli uy-joy qurilishi uchun tijorat banklari tomonidan 1,6 trln so‘m miqdorida kredit ajratildi;
  • respublika tovar xom-ashyo birjasining alohida savdo maydonchasida 59,6 ming tonna metall prokati va 36,4 ming tonna sement sotildi.

Shu bilan birga aholini uy-joy bilan ta’minlash va ipoteka bozorini yanada rivojlantirish uchun masalaning quyidagi jihatlariga e’tibor qaratish tavsiya etiladi:

  • aholini uy-joy bilan ta’minlash darajasini oshirishga qaratilgan samarali islohotlarni davom ettirish, ipoteka bozorini yanada rivojlantirish, sohaga investitsiyalarni jalb qilish;
  • aholi va tadbirkorlarning takliflari asosida talab yuqori bo‘lgan hududlarda uy-joy qurilishi uchun tegishli infratuzilmalarni yaratish;
  • bino va inshootlar qurilishi, rekonstruksiyasi hamda foydalanish davrida energiya samaradorligini oshirish uchun energiya tejovchi “yashil” texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish.

Avvalroq Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari 2022-yilning 4-choragi uchun Toshkent shahrida xonadonlar uchun taklif etilayotgan xarid narxlari o‘zgarishini tahlil qilgandi.