2023−2024 o‘quv yilidan tibbiyot kolleji va texnikumlarda kadrlar tayyorlash tizimi yangi tartib va yo‘nalishlarda yo‘lga qo‘yiladi, deya xabar bermoda Sog‘liqni saqlash vazirligining matbuot xizmati.

Xususan, birlamchi bo‘g‘in muassasalari uchun kollejlarda umumiy amaliyot hamshirasini tayyorlash 2 yillik dastur asosida amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Texnikumlarda ixtisoslashtirilgan hamshiralar (xirurgiya, paramedik, anesteziologiya, fizioterapiya, feldsherlik, nur va funksional diagnostika, tibbiy profilaktika ishi, farmatsevt assistenti, stomatologiya, ortopedik stomatologiya texnigi) 3 yillik dastur asosida tayyorlanadi

Shuningdek, OTMlarda oliy malakali hamshiralar tayyorlash 4 yillik xalqaro o‘quv dasturlari asosida amalga oshiriladi. Ya’ni talabalar 2 yil O‘zbekistonda, 2 yil xorijda ta’lim olishadi.

Joriy yil fevraldan 2-Respublika tibbiyot kolleji negizida shifokor va hamshiralarni tayyorlash bo‘yicha Saudiya Arabistonining “Al Habib akademiyasi” tashkil etiladi.

Bundan tashqari Turkiyaning sog‘liq bilimlari universiteti bilan hamkorlikda Hamshiralar Akademiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Eng muhimi, shu yildan har bir kollej va texnikumga xalqaro qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy qilish majburiyati yuklatiladi, deyiladi vazirlik xabarida.

Avvalroq, O‘zbekistonda tibbiyot sohasini raqamlashtirishga Turkiya mutaxassislari jalb qilinihsi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, 2023-yilda mingdan ortiq tibbiyot muassasalarida quyosh panellari o‘rnatiladi.