Statistika agentligi 1-mart holatiga O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxona va tashkilotlar haqidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.

Xususan, ularning soni 13 161 tani tashkil etib, yetakchilikni 2 835 korxona va tashkilotlar bilan Rossiya egalladi.

Undan keyingi o‘rinlarda Turkiya (1 806 ta), Xitoy (1 763 ta), Qozog‘iston (988 ta) hamda Koreya (748 ta) turibdi.

O‘tgan yanvar-fevral oylarida yangi tashkil etilgan korxonalar soni 290 tani tashkil etib, shundan 151 tasi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, o‘tgan ikki oy davomida Xitoy (65 ta), Turkiya (40 ta) hamda Qozog‘iston (34 ta) kapitalli ishtirokida yangi korxonalar tashkil etilgan.

2017−2021 yillar oralig‘ida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar soni 2,7 baravarga oshib, joriy yilning 1-yanvar holatiga 13,2 mingtaga yetgan.

Investitsiya kiritayotgan 50 dan ortiq mamlakatdan Xitoy, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston va Janubiy Koreya yetakchilik qilmoqda.

Xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar ulushi asosan iqtisodiyotning sanoat (30,6%) va savdo (28,5%) sohalariga to‘g‘ri keladi.

2022−2026-yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasiga ko‘ra, kelgusi 5 yilda iqtisodiyotga $70 mlrd miqdorida xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda 2026-yilga borib, eksport hajmini $30 mlrd.ga yetkazish maqsad qilingan.

Davlat rahbari xorijiy investorlar bilan ishlashni tashkil etishning quyidagi tartibini belgilab berdi:

  • Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshida Sarmoyadorlarni qo‘llab-quvvatlash ishchi guruhi tashkil etiladi;
  • ishchi guruh Xorijiy investorlar kengashi huzurida faoliyat yuritib, chet ellik sarmoyadorlarni kompleks va tizimli ravishda qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi;
  • investorni aeroportda kutib olishdan tortib, biznes uchun zarur ruxsatnoma va litsenziyalar berishgacha bo‘lgan barcha xizmatlarni “yagona oyna” tamoyili asosida ko‘rsatadi va boshqalar.