2019-yili Ozarbayjonda o‘tkazilgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining yettinchi sammitida Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining investitsiya fondni tuzish taklifini bildirgandi.

2022-yilning noyabr oyida Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida prezident qo‘shma investitsiya fondini ishga tushirish taklifini bildirdi.

Joriy yil yanvar oyida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar Turkiy investitsiya jamg‘armasini tashkil etish masalasi ustida ish olib borayotgani haqida xabar berildi.

Mazkur jamg‘arma turkiy davlatlar tomonidan tashkil etilgan asosiy qo‘shma moliya institutiga aylanishi kutilmoqda hamda jamg‘arma mablag‘lari qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, jamg‘arma tadbirkorlikni rag‘batlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashni o‘z ichiga oladi.

Bitim loyihasini ishlab chiqish uchun mas’ul bo‘lgan O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya ekspertlarining navbatdagi uchrashuvida ichki tartib-qoidalarni qisqa muddatda yakunlashga hamda rejalashtirilgan qo‘shma tadbirlar doirasida bitimni imzolashga kelishildi.

Qozog‘iston Milliy iqtisodiyot vazirligi prezident Qosim-Jomart Tokayevning Turkiy investitsiya fondini tashkil etish to‘g‘risidagi farmoni loyihasini e’lon qildi.

Hujjatda har bir ishtirokchi, jumladan, O‘zbekiston uchun ham badal miqdori belgilab qo‘yilgan.

Dastlabki to‘lov $5 mln.ni tashkil etadi, keyingi investitsiyalar mos ravishda $18 mln, $23 mln va $24 mln.ni tashkil qiladi.

Xuddi shunday miqdor fondga kiritilgan boshqa ishtirokchi davlatlar — Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya tomonidan ham ajratiladi.

Jamg‘arma Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlarning iqtisodiy salohiyatini rivojlantirish, ular o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Tashkilotning bosh qarorgohi Istanbulda bo‘ladi. Ustav kapitali $500 mln.ni tashkil etib, har birining nominal qiymati $50 ming bo‘lgan 10 mingta aksiyaga bo‘linadi.