O‘tgan yilning iyul oyida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekistonga 95 mln yevrogacha kredit ajratishi haqida xabar berilgandi.

Xususan, mablag‘lar Samarqand shahri uchun elektr avtobuslar partiyasi, shuningdek, ular uchun zaryadlash shoxobchalari va boshqa infratuzilmalarni sotib olishga yo‘naltirilishi belgilangandi.

Hozir Samarqandga 350 ta elektrobus xarid qilish va tegishli infratuzilmani yaratish bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda.

Uni ikki bosqichda amalga oshirish belgilangan bo‘lib, birinchi bosqichda uzunligi 10,5 metr bo‘lgan 100 ta elektrobus energetika uskunalarini xarid qilish va elektrobus parkini qurish rejalashtirilgan.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Xitoyning “Yutong Bus” kompaniyasi joriy yilning iyul oyiga qadar 100 ta elektrobusdan 6 tasini yetkazib beradi.

Bundan tashqari, qolgan 94 ta elektrobus uchinchi chorak yakuniga qadar yetkazilishi ta’kidlanmoqda.

Shuningdek, 6 ta elektrobusning birinchi partiyasi uchun mablag‘lar o‘tkazilib, ularni vaqtincha saqlash va foydalanish uchun tanlangan Tramvay liniyalaridan foydalanish direksiyasi deposi hududini elektr ta’minotiga ulash bo‘yicha tender e’lon qilinishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, joriyi yilning yanvar oyida “Yutong Bus” kompaniyasi loyiha operatori sifatida “Samarqand yo‘lovchi trans” korxonasi bilan 29,7 mlrd yevro miqdorida shartnoma imzolagan.

Joriy yilning aprel oyi boshida Xitoydan Buxoroga 10 ta “Yutong” avtobuslari olib kelingandi. Shuningdek, Toshkentga 233 ta avtobus va elektrobuslar olib kelindi.

Shundan 100 tasi “Yutong” elektrobuslari, 103 tasi uzunligi 12 metr bo‘lgan siqilgan tabiiy gazda harakatlanuvchi “Yutong” avtobuslari, 30 tasi esa o‘ta katta sig‘imli “KingLong” avtobuslaridir.


Avvalroq tadbirkorlarga avtobuslar sotib olish uchun 10 yilgacha imtiyozli kredit berilishi haqida ma’lum qilingandi.

Shuningdek, ular olib kelgan yangi avtobuslar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini bo‘lib-bo‘lib to‘lashlari mumkin bo‘ladi.