Avvalroq “Spot” Xitoyning “Yutong Bus” elektroavtobuslar ishlab chiqaruvchisi 2-mart kuni O‘zbekistonga jami 800 ta, 300 ta elektrobus va 500 ta gaz bilan ishlaydigan avtobus yetkazib bergani haqida xabar bergandi.

Transport vazirligi 8-aprel kuni Toshkentga 233 ta avtobus va elektrobuslar olib kelingani haqida xabar berdi.

Olib kelingan avtobuslarning birinchi partiyasi 233 dona bo‘lib, shundan 100 tasi “Yutong” elektrobuslari, 103 tasi uzunligi 12 metr bo‘lgan siqilgan tabiiy gazda harakatlanuvchi “Yutong” avtobuslari, 30 tasi esa o‘ta katta sig‘imli “KingLong” avtobuslaridir.

Avvalroq Toshkentga yaqin oylarda 300 ta elektrobus olib kelinishi haqida xabar berilgandi.

Prezident topshirig‘iga muvofiq, keyingi oylarda Toshkent shahriga jami 1000 dona, shundan 300 ta elektrobus hamda 700 ta siqilgan tabiiy gazda ishlaydigan avtobuslar olib kelinishi belgilangandi.

2025-yilgacha Toshkent shahrida jamoat transportini qulay va ekologik toza harakat tarkibi bilan yangilash orqali atrof-muhitga salbiy ta’sirini 35%ga kamaytirish belgilangan.

Avvalroq tadbirkorlarga avtobuslar sotib olish uchun 10 yilgacha imtiyozli kredit berilishi haqida ma’lum qilingandi.

Shuningdek, ular olib kelgan yangi avtobuslar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini bo‘lib-bo‘lib to‘lashlari mumkin bo‘ladi.

Elektrobuslarni Toshkentga jalb etish

Oʻzbekistonda bir necha yillardan beri shahar uchun elektrobuslar sotib olish masalasi koʻrib chiqilmoqda. 2019-yil kuzida “Belkommunmash” avtobusi Toshkentda sinovdan oʻtkazildi. Natijada, shahar hokimiyati oz sonli elektrobuslari (20 tadan kam) foydasiz degan xulosaga keldi.

2020-yilning bahorida Xitoyning Yutong elektr avtobusining sinovdan foydalanishi boshlandi, u zaryaddan 300 km masofani bosib oʻtishga qodir. 2020-yil noyabr oyida Xitoyning BYD kompaniyasining elektrobus prototipi taqdim etildi va SamAuto 2022-yilgacha elektrotransport ishlab chiqarishni oʻzlashtirishga vaʼda berdi.

Transport vazirligi sinov natijalariga koʻra 2021−2023-yillarda Toshkent shahri uchun 1 trln soʻmga 300 ta elektrobus va zaryadlash stansiyalarini sotib olishni taklif qilgan, biroq taklif amalga oshirilmagan.

2021-yil sentyabr oyida Prezident “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi"ni taqdim etdi. Uning yoʻnalishlaridan biri “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish edi. Xususan, Toshkent shahrida 320 ta elektrobuslar yoʻlga qoʻyilishi va elektr transportini rivojlantirish boʻyicha maxsus dastur qabul qilinishi koʻzda tutilgan edi.