Toshkent shahar hokimi v.b. Shavkat Umurzoqov “Abu Dhabi Sewerage Services” kompaniyasi bilan uchrashdi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unda oqava suvlarni to‘plash va tozalash quriladigan yangi inshoot masalasi muhokama qilindi.

Kompaniya Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanining “Surum” MFY hududida barpo etilishi rejalashtirilgan Oqava suvlarni yig‘ish va tozalash inshootining dastlabki loyihasini taqdim etdi.

Uni takomiliga yetkazish uchun ba’zi texnik va tashkiliy-huquqiy masalalarni birgalikda hal etish lozimligi ta’kidlandi.

Ma’lum qilinishicha, 2 bosqichli loyiha sutkasiga 1,5 mln metr kub chiqindilarni to‘plash hamda tozalash imkonini beradi.

Shuningdek, loyiha doirasida tozalash inshootini qurish bilan birga, mavjud tozalash inshootlariga yo‘naltirilgan barcha markaziy quvurlarni integratsiya va modernizatsiya qilish belgilangan.

Bu bo‘yicha namunaviy, kamchiqim va amalga oshirilishi qisqa vaqt talab etadigan takliflar tayyorlangan.

Loyiha mukammal bo‘lishi uchun topografik s’yomka, shahar aholisining o‘sish prognozi kabi ma’lumotlar kerak, deyiladi xabarda.

“O‘zsuvta'minot” kompaniyasi bilan amalga oshiriladigan mazkur loyiha qurilishi 2024-yilning yanvaridan boshlanadi.

Shuningdek, Yangi Toshkent shahri ham mazkur tizimga ulanishi bildirilib, undagi binolar foydalanishga topshirilgungacha infratuzilma tayyor bo‘lishi muhimligi aytildi.

Yil boshida prezident mahallalarni obodonlashtirish, tarmoqlar, yo‘llar, suv inshootlarini ta’mirlash ishlariga yana qo‘shimcha mablag‘ ajratilishini ta’kidlagandi.