Joriy yilning birinchi choragida “IT Park” rezidentlari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlarning umumiy hajmi 2,9 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda texnopark matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 292%ga oshgan. Shuningdek, 2021-yilning mos davrida 438,6 mlrd so‘mni, 2022-yilda esa 814 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Yo‘nalishlar bo‘yicha natijalar quyidagicha:

  • dasturlash — 1,3 trln so‘m;
  • qayta ishlash — 840 mlrd so‘m;
  • ta’lim — 25,6 mlrd so‘m;
  • BPO — 157,1 mlrd so‘m.

Rezidentlarning eksport hajmi o‘tgan yilning birinchi choragiga nisbatan 327%ga oshib, $57,2 mln.ni tashkil etdi.

Shundan 48%i AQShga, qolganlari esa Buyuk Britaniya (15%), Singapur (10%), MDH mamlakatlari (10%) va boshqalar (17%) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Qayd etilishicha, joriy yil oxiriga borib eksport hajmi $300 mln.ga yetishi kutilmoqda.

Yilning birinchi choragida “IT Park” rezidentlari soni 1262 tani tashkil etdi va shundan 876 tasi Toshkentda, qolgan 386 tasi esa viloyatlarda ro‘yxatdan o‘tgan.

Shuningdek, 382 ta korxona eksport uchun ishlasa, 256 ta kompaniya IT bo‘yicha ta’lim xizmatlarini ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, rezidentlarning 172 tasini BPO kompaniyalari hamda 185 tasini xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalar tashkil etadi.

Rezidentlarning asosiy ulushi quyidagi yo‘nalishlarda ishlaydi:

  • dasturiy ta’minotni ishlab chiqish va qo‘llab-quvvatlash (61%);
  • ma’lumotlarni qayta ishlash (5%);
  • IT-ta'lim (20%);
  • BPO (14%).

O‘tgan davrda 207 ta kompaniya “IT Park” rezidenti statusini olgan bo‘lsa, ulardan 61 tasi eksportyor kompaniya hisoblanadi.

Joriy yil oxirigacha ularning eksport hajmi $55 mln.ni tashkil etishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, 71 ta kompaniyaga rezident statusi berilmagan, 63 ta kompaniya esa shartnomada ko‘rsatilgan majburiyatlarni bajarmaganligi uchun rezident maqomidan mahrum qilindi.

Bu esa faoliyat to‘g‘risida ma’lumot bermaganligi hamda majburiy ajratmalarni to‘lamaganligi sabab bo‘lgan.

Shuningdek, ushbu kompaniyalarga nisbatan berilgan imtiyozlarni bekor qilish va davlat budjetiga soliq to‘lash bo‘yicha majburiyatlarni tiklash to‘g‘risida soliq organlariga bildirishnoma yuborilgan. O‘tgan yili 35 ta kompaniya rezident maqomidan mahrum qilingandi.

Dastlabki uch oyda rezident kompaniyalarda 2100 dan ortiq ish o‘rni yaratildi.

Ishga joylashgan mutaxassislarning umumiy soni 20 mingdan oshdi va ko‘rsatkich 2022-yil oxiridagiga nisbatan 12%ga ortgan.

“IT Park” rezidentlari quyidagicha imtiyozlarga ega bo‘lishi mumkin:

  • daromad solig‘i — 7,5%;
  • korporativ soliq — 0%;
  • yagona ijtimoiy to‘lovlar — 0%;
  • tovarlarni o‘z ehtiyojlari uchun import qilishda bojxona to‘lovlari — yo‘q.

Shuningdek, IT Park rezidentlari xorijiy mutaxassislar va ta’sischilarga ish haqi va dividendlarni eksport tushumlari doirasida xalqaro to‘lov kartalariga naqd pulsiz shaklda xorijiy valyutada to‘lash huquqiga ega.

“IT Park” rezidentlariga virtual ofis xizmati taqdim etiladi, bu orqali ofisni ijaraga olmasdan masofadan turib ishlash imkoniyati beriladi.

Uch oyda startaplar davlat tashkilotlaridan 17 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ olishgan. Xorijiy moliyalashtirish summasi $1,9 mln.ga yetdi.

Bu davrda “IT Park"ning 205 ta IT Markazida 7395 ta o‘quvchi tahsil oldi. Ulardan 2280 tasini davlat xizmatchilari, qolgan 5115 tasini esa 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi.

Joriy yilning birinchi choragida “Coursera” platformasidan 37,6 mingdan ziyod foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tib, shundan 24 mingdan ortig‘i oq’ishmoqda.

O‘quvchilarning 39%ini qizlar tashkil etadi va “Math&Data” (74%), dasturlash (12%), “Soft skills” (11%), Sun’iy intellekt (2%) va “Bulut” texnologiyalari (1%) yo‘nalishlariga talab yuqori.

O‘zbekistonliklar “Coursera” platformasida 5 ta yo‘nalish bo‘yicha bepul ta’lim olishishi belgilangan.