Latviya investitsiyalar va taraqqiyot agentligi Toshkentda o‘z vakolatxonasini ochadi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar bermoqda.

Uning vazifasi mamlakatlar oʻrtasida savdo, texnologik va turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishdan iborat boʻladi.

Vakolatxona ochilishi haqida O‘zbekistonning Latviyadagi elchisi Qadambay Sultonov va Latviya iqtisodiyot vaziri Ilze Indrekson o‘rtasidagi uchrashuvda e’lon qilindi.

Vazir ofisning ochilishi O‘zbekiston bilan savdo-investitsiya va texnologik sheriklikni tizimli asosda rivojlantirish va ikki mamlakatning katta sayyohlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkonini berishini ta’kidladi.

Kompaniya haqida

LIAA” — Investitsiyalar va taraqqiyot agentligi 1993-yilda tashkil etilgan.

Latviya investitsiyalar va taraqqiyot agentligi Iqtisodiyot vazirligining tarkibiy bo‘linmasi bo‘lib, mamlakatning ustuvor hamkorlari sifatida belgilangan mamlakatlar bilan savdo va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishga yordam beradi.

Tashkilotning maqsadi xalqaro bozorda Latviya kompaniyalarining raqobatbardoshligi va eksport salohiyatini oshirish, xorijiy investitsiyalar oqimiga ko‘maklashish, turizmni rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatini va milliy innovatsion strategiyani amalga oshirishdan iborat.

Shuningdek, agentlik mahalliy kompaniyalarga yetishmayotgan malakali ishchi kuchini tashqaridan yollash uchun ruxsatnomalar berish vakolatiga ega.

Agentlikning AQSh, BAA, Avstraliya, Kanada, Fransiya, Yaponiya kabi mamlakatlarda vakolatxonalari mavjud.

“LIAA” Latviya hududlarini rivojlantirishning muhim tarkibiy qismi hisoblangan 15 ta biznes-inkubatorlar ishini ham boshqaradi.


Avvalroq, “Spot” Latviyada biznesning qaysi sohalariga talab kattaligi va Yevropa bozoriga chiqishda nimalarga tayyor bo‘lish kerakligi haqida Rigadagi O‘zbekiston savdo uyi rahbari Vladimir Galperin bilan intervyuni e’lon qilgandi.