Aprel oyida qabul qilingan prezident qarori bilan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” kiritilgan fuqarolarga ayrim tovarlar xaridi uchun to‘langan QQS qaytarilishi belgilangandi.

Hujjat bilan, mazkur tartib joriy yilning 1-mayidan kuchga kirdi hamda fuqarolar quyidagi ro‘yxatga muvofiq tovarlarning chakana savdo joylarida xaridini amalga oshirganda xarid summasining 1%i miqdoridagi to‘lov o‘rniga, xarid summasida to‘langan QQS qaytariladi:

  • qo‘y go‘shti;
  • parranda go‘shti;
  • mol go‘shti;
  • tuxum;
  • o‘simlik yog‘i.

Davlat soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, may oyining dastlabki 4 kuni davomida mazkur tizim foydalanuvchilari soni 4 534 nafarga yetdi.

Biroq, QQSni qaytarish uchun cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazishda huquqbuzarlik holatlari aniqlanmoqda.

Qo‘mitaning yozishicha, fuqaro T.Sh. QQSni qaytarish maqsadida xarid summasi 650 mln so‘mlik, fuqaro M.A. 481 mln so‘mlik chekni “Soliq” mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazgan. Bu esa hujjatda belgilangan tartiblarga qarshi harakat sifatida baholanmoqda.

Shu sabab, foydalanuvchilar “Soliq” ilovasidagi akkauntiga uchinchi shaxslarga kirish huquqini bermasliklari va shubhali cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazishlariga yo‘l qo‘ymasliklari zarur.

Chunki bunday harakatlar ma’lumotlarni qo‘shimcha organib, tekshiruvlar o‘tkazish zaruriyatini keltirib chiqaradi.

Bu esa haqiqatda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarga keshbek to‘lash muddatini kechikishiga olib keladi, deyiladi qo‘mita xabarida.