1-may holatiga, 21 ta kompaniya o‘z majburiyatlarini bajarmagani uchun “IT Park” rezidenti statusidan mahrum etildi. Bu haqda texnopark matbuot xizmati ma’lum qildi.

Rezidentlik maqomi yo‘qolgan kompaniyalarning 11 tasi Toshkent shahrida, 3 tasi Navoiy viloyatida, 2 tasi Samarqand shahrida, qolganlari esa bittadan Qashqadaryo, Jizzax, Toshkent, Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda joylashgan.

Rezidentga aylangan tashkilotlar belgilangan talablarga muvofiq faoliyat olib borish va “IT Park” rezidenti faoliyati shartlari to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq vazifalarni bajarish majburiyatini oladi.

Nizom talablarini buzgan kompaniyalar rezident statusidan mahrum etiladi, soliq imtiyozlari esa Davlat budjetiga to‘lash majburiyatlari keyinchalik tiklangan holda bekor qilinadi.

Rezidentlarning majburiyatlariga quyidagilar kiradi:

  • biznes-rejada ko‘rsatilgan faoliyat turlarini Ro‘yxatga muvofiq amalga oshirish;
  • “IT Park"ga har chorakda o‘z faoliyati to‘g‘risida hisobot taqdim etish;
  • har yili moliya-xo‘jalik faoliyati auditini o‘tkazish va auditorlik xulosasining bir nusxasini “IT Park"ga yuborish;
  • rezidentning IT Park bilan faoliyati shartlari to‘g‘risidagi Shartnomadan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish.

it park, rezident

Hozirda 1304 ta IT-kompaniya “IT Park” rezidentlari hisoblanadi. O‘tgan birinchi chorakda 207 ta kompaniya texnopark rezidenti statusini olgandi.

Ulardan 61 tasi eksportyor kompaniya hisoblanadi. Shuningdek, 71 ta kompaniyaga rezident statusi berilmagan, 63 ta kompaniya esa majburiyatlarni bajarmaganligi uchun rezident maqomidan mahrum qilindi.

“IT Park” rezidentlari quyidagicha imtiyozlarga ega bo‘lishi mumkin:

  • daromad solig‘i — 7,5%;
  • korporativ soliq — 0%;
  • yagona ijtimoiy to‘lovlar — 0%;
  • tovarlarni o‘z ehtiyojlari uchun import qilishda bojxona to‘lovlari — yo‘q.

Shuningdek, IT Park rezidentlari xorijiy mutaxassislar va ta’sischilarga ish haqi va dividendlarni eksport tushumlari doirasida xalqaro to‘lov kartalariga naqd pulsiz shaklda xorijiy valyutada to‘lash huquqiga ega.