Avvalroq, prezident “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzolagandi.

Hujjat bilan, xususiylashtirish sohasida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar belgilandi. Xususan, ommaviy savdolar orqali to‘liqligicha sotiladigan 1 001 ta korxonaning aksiya paketlari (ulushlari) ro‘yxati tasdiqlandi.

Shuningdek, aksiya paketlari “bitta aksiya — bitta lot” tamoyili asosida xalq IPOsini o‘tkazish tartibida ommaviy savdolar orqali sotiladigan 40 ta korxonalar ro‘yxati ham tasdiqlangan.

Bunda aholiga aksiyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish imkoniyati yaratiladi. Aksiyalari sotilgan korxonalar besh yil davomida sof foydasining kamida 30%i dividend to‘lashga yo‘naltiradi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi mazkur 40 ta korxonada “xalq IPO"sini o‘tkazish strategiyasini ishlab chiqish va jarayonni muvofiqlashtirish bo‘yicha professional konsalting kompaniyasini jalb qilish bo‘yicha tanlov e’lon qildi.

Nomzodlar taklif taqdim etish uchun so‘rovnoma (RfP)ga asosan o‘z takliflarini joriy yilning 1-iyun kuni soat 18:00 ga qadar taqdim etishlari mumkin.

Qo‘shma tijorat taklif taqdim etilganda, jalb qilingan sherik konsultant ishlarini muvofiqlashtiruvchi va mas’uliyatni o‘z zimmasiga oluvchi bosh konsultantni ko‘rsatish kerak.

Takliflar bitta xalqaro va bitta mahalliy darajadagi professional tashkilotlardan iborat konsorsium professional tashkilotlar yoki alohida konsalting tashkilotlar tomonidan taqdim etilishi majburiy hisoblanadi. Taklif rus, ingliz yoki o‘zbek tilida tayyorlanishi zarur.

Mazkur “xalq IPO"siga chiqarilishi belgilangan korxonalar qatorida “Navoiy KMK”, “O‘zbektelekom”, O‘zbekiston Respublikasi Tovar-xomashyo birjasi hamda “Hududgazta'minot” kabilar bor.

Shuningdek, bu ro‘yxatda “O‘zsanoatqurilishbank”, “Asakabank”, “Xalq banki”, “Qishloqqurilishbank”, “Aloqabank” hamda “Turonbank” kabi jami 10 ta bank ham mavjud.

Avvvalroq “Aloqabank” IPO o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabar berilgandi. Yil oxirigaсha bank o‘zining 5% gacha aksiyalarini Toshkent fond birjasiga joylashtirishni rejalashtirmoqda.