“Issiqlik elektr stansiyalari” hamda Italiyaning “SACE” kredit agentligi o‘rtasida uchta shartnoma va bitta memorandum imzolandi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, umumiy qiymati 2,2 mlrd yevroga teng quyidagi 4 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan:

  • Toshkent IESni modernizatsiya qilish;
  • poytaxtning 6 ta tumanida gaz porshenli qurilma va suv isitish qozonlarini qurish;
  • Yunusobod tumanidagi 4-Issiqlik markazi hududida har birining quvvati 4,3 MVtga teng 24 ta gazporshenli qurilma qurish;
  • har birining quvvati 130 MVtga teng bo‘lgan 4 ta suv isitish qozonlarini bunyod etish.

Memorandumga asosan esa 1-,3-,5-,6-,7-,8-,9-,10- issiqlik markazlarida kogeneratsion qurilmalar barpo etish belgilanmoqda. Bu orqali poytaxt aholisini qo‘shimcha issiqlik va elektr energiyasi bilan ta’minlash imkoni yaratiladi.

Mazkur loyiha ham EPC+F ya’ni, qurish va to‘liq ishga tushirish darajasida moliyalashtirish shartiga asoslangan.

Toshkent IESni modernizatsiya qilishga oid kelishuvga ko‘ra, stansiyaning mavjud quvvatini 990 MVtga oshirish kutilmoqda.

Umumiy qiymati 544,5 mln yevroni tashkil etadigan loyiha asosida hududning ijtimoiy sohalarini rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilgan.

Loyihalarga investorlarni jalb etish jarayonida xalqaro bank va moliya institutlari ko‘rib chiqilib, natijada Italiya kredit agentligi tomonidan berilgan taklif qabul qilindi.

“Moliyalashtirishning asosiy shartlaridan biriga ko‘ra, loyihalarda bosh pudratchi sifatida Italiya kompaniyalari ishtirok etadi”, — deydi “Issiqlik elektr stansiyalari” Xalqaro aloqalar va investitsiyalarni jalb qilish boshqarmasi boshlig‘i Alisher Jo‘rayev.

Mazkur kelishuv joriy yilning yanvar oyida hukumat tomonidan qabul qilingan tegishli qaror ijrosiga qaratilgani ta’kidlanadi xabarda.