Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga Qoraqalpog‘iston investitsiya va ishbilarmonlikni yaxshilashga qaratilgan qo‘shimchalar kiritildi.

Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonning barcha tumanlarida joylashgan hamda mazkur hududda faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlarga 2028-yilgacha quyidagi soliq yengilligi beriladi:

  • foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50%ga kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘laydi;
  • ijtimoiy soliqni 1% miqdoridagi soliq stavkasi bo‘yicha, YaTTlar esa yiliga BHMning bir baravari (330 ming so‘m) miqdorida to‘laydi.

Bundan yirik soliq to‘lovchilar, doimiy muassasalar, budjet tashkilotlari va davlat korxonalari, ustav fondida davlat ulushi 50% miqdorida va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar, ustav fondining 50%i va undan ortig‘i ustav fondida davlat ulushi 50% miqdorida va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxsga tegishli yuridik shaxslar mustasno.

Agar soliq to‘lovchi mazkur imtiyozlar bilan bir qatorda bir vaqtning o‘zida boshqa asoslar bo‘yicha soliq imtiyozlariga doir huquqqa ega bo‘lsa, o‘z ixtiyoriga ko‘ra eng qulay soliq imtiyozini tanlashga haqli bo‘ladi. Ilgari bunday imtiyoz mavjud emasdi.

“Davlat boji to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, Qoraqalpog‘istondagi nodavlat ta’lim tashkilotlarining o‘quv jarayoniga jalb etiladigan chet el mutaxassislari (o‘qituvchilari) 2027-yil 1-oktabrgacha Konsullik yig‘imini hamda Doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi.

Ilgari bu kabi norma ham mavjud emas edi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Joriy yilning mart oyida prezident Qoraqalpog‘iston aholisi farovonligini oshirishga qaratilgan 3 ta tashabbusni ilgari surgandi.

2022-yili davlat rahbari Qoraqalpog‘istonda tashrifi davomida tadbirkorlarga qo‘shimcha imtiyoz va yengilliklar berish bo‘yicha topshiriqlar bergandi.