Markaziy bank iyun oyi uchun aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalariga oid infografikani e’lon qildi.

Unda jami 3930 ta respondent ishtirok etgan bo‘lib, har ikkita dinamik ko‘sartkichda ham sezilarli pasayish kuzatildi.

Xususan, aholining narxlar o‘sishi bo‘yicha kutilmalari 13,3%ni tashkil etdi.

Aholi narxlar o‘sishiga asosan valyuta kursining o‘zgarishi (50%), ish haqi va nafaqalarning oshishi (40) hamda bozorda monopoliyaning mavjudligi (38) ta’sir qilishi mumkin deya baholagan.

Bu davrda tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari 13,3%da shakllandi. Ularning kutilmalari aholinikidan deyarli farq qilmadi.

Xususan, tadbirkorlar narxlar ko‘tarilishiga sabab qililb valyuta kursining o‘zgarishi (55%), ish haqi va nafaqalarning oshishi (39%) hamda yoqilg‘i va energiya resurslarining qimmatlashishi (32) ta’sir qilishi mumkin deya hisoblagan.

Iyun oyi yakuni bo‘yicha aholi tomonidan sezilgan inflyatsion daraja 12,9%ni tashkil etdi.

Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, narxlari yuqori o‘zganligi qayd etilgan tovar va xizmatlarining eng yuqori uchligidan shakar va qandolat (37,1%), go‘sht va sut (33,4%) hamda qurilish mollari (33,1%) joy olgan.

Hududlar kesimida eng yuqori inflyatsiya poytaxt Toshkentda sezildi — 17%. Eng past ko‘rsatkich esa Qoraqalpog‘istonga (10,4%) to‘g‘ri keladi.

Yilning birinchi oyida aholi kutilmalari 18,9%, tadbirkorlarniki esa 18,7%ni tashkil etgandi.

Fevral oyiga kelib esa ko‘rsatkich keskin pasayib, aholi kutilmalari 14,4%ga, biznes vakillariniki esa 14,1%ga tushgandi.