Energetika vazirligi huzuridagi Tarmoqlararo energiyani tejash Jamg‘armasi va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘rtasida shartnoma imzolandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Kelishuv $833 ming miqdoridagi grant mablag‘larini jalb qilishni o‘z ichiga oladi.

Bu mablag‘lar jamg‘armaning hamkor banklari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya samarador qurilmalarni xarid qilish uchun ajratilgan “Yashil iste’mol kredit"larining 30%gacha qismini so‘ndirishga yo‘naltiriladi.

“Grant mablag‘lari energiya resurlarga oshib borayotgan talabni qisman qondirish va atrof-muhitga zararli gazlarning chiqarilishini kamaytirishdagi ishlarni muvaffaqiyatli hal etishda qo‘l keladi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini xarid qilishni xotin-qizlar o‘rtasida qo‘llab-quvvatlash maqsadida grant mablag‘lari hisobidan ayollarga ajratilgan “Yashil iste’mol kredit"ning 37,5%gacha qismi qoplab berilishi belgilanmoqda.


Avvalroq “O‘zbekgidroenergo” tarkibidagi GESlarda “yashil energiya” sertifikatlari tizimi joriy etilgani haqida xabar berilgandi.