Buyuk Britaniyaning Katta miqdordagi firibgarlikka qarshi kurash byurosi (SFO) Gulnora Karimovaga tegishli mamlakatdagi uchta hashamatli mulkini musodara qildi. Bu haqda byuro o‘zining “X” ijtimoy tarmog‘idagi (avvalgi “Twitter”) sahifasida ma’lum qildi. Bunga “gazeta.uz” nashri ahamiyat berdi.

Ma’lum qilinishicha, bular — Belgraviyadagi ikkita kvartira va Surrey grafligidagi shohona uy, deyiladi byuro xabarida.

Ularning umumiy qiymati 20 mln funt sterling ($25 mln)dan ko‘proqqa baholanmoqda.

Ta’kidlanishicha, ular O‘zbekistondagi korrupsion faoliyatdan olingan daromadlar evaziga sotib olingan.

“Biz bugungi kunda ushbu mulklarni nazorat qilish uchun bir nechta offshor hisoblar va kompaniyalarni o‘z ichiga olgan murakkab moliyaviy izni aniqladik. Bu qaror bizning ishimiz va Buyuk Britaniyadan noqonuniy pullarni yo‘q qilish bo‘yicha davom etayotgan sa’y-harakatlarimizdagi oldinga qadamdir”, — dedi Firibgarlikka qarshi kurash boshqarmasi direktori Liza Osofskiy.

Byuro maʼlumotlarida aytilishicha, Karimova 2004−2012-yillarda telekommunikatsiya kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga kirishi evaziga ulardan yuzlab million dollar pora olgan.

“SFO” 2018-yil oktabr oyida Karimovaning Britaniyadagi aktivlarini, jumladan, uchta mulkini musodara qilish bo‘yicha sudga murojaat qilgan.

Byuro xabariga ko‘ra, 8-avgust kuni Buyuk Britaniya Oliy sudi bu da’voni qanoatlantirgan.

Avvalroq “Freedom for Eurasia” tashkiloti Gulnora Karimova tegishli Londonda va uning atrofida 50 mln funt sterlingga sotib olingan, jumladan, Belgraviyadagi uchta kvartira, Bukingem saroyining gʻarbida, Mayfairdagi uy va Surreyda qayiqda sayohat qilish uchun shaxsiy koʻli boʻlgan 18 mln funt sterlinglik saroyga e’tibor qaratgandi.

2013-yilda Karimova hibsga olinishidan oldin Belgraviyadagi ikkita kvartira sotilgan. 2017-yilda Jiddiy firibgarlik idorasi Mayfeyrdagi va Surreydagi uyni hamda Belgraviyadagi uchinchi kvartirani muzlatib qo‘ydi.


Avvalroq “Spot” qaysi davlatlarda Gulnora Karimovaning aktivlarini qaytarish ishlari olib borilayotgani haqida yozgandi.

Shveysariyada Gulnora Karimovaga tegishli $350 mlnni musodara qilish masalasi ko‘rib chiqilayotgani ma’lum qilindi.

Keyinchalik Gulnora Karimovaning $131 mlnlik aktivlarini Shveysariyadan qaytarish bo‘yicha yakuniy bitim imzolangani xabar berildi.