Hukumatning tegishli qarori bilan O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilishda davlat tilini bilish darajasini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Unga ko‘ra, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmaganlar tomonidan fuqarolikni olishda davlat tilini bilish darajasini aniqlash uchun imtihondan o‘tishga arizani davlat xizmatlari markazi yoki Yagona portal orqali topshirish imkoni yaratilmoqda.

Shuningdek, davlat tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha hududiy imtihon komissiyasining qaroridan norozi bo‘lgan nomzodlar apellyatsiya berishlari mumkin bo‘ladi.

Apellyatsiya davlat xizmatlari markazi yoki Yagona portal orqali imtihon natijalari e’lon qilingan vaqtdan boshlab 5 kun ichida beriladi.

Bunda imtihon natijalari e’lon qilingan paytdan 10 kun ichida apellyatsiya imtihoni o‘tkazilib, natijasi bo‘yicha quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:

  • apellyatsiyani qanoatlantirishda rad etish;
  • dastlabki imtihon natijalarini o‘zgartirib, apellyatsiyani qanoatlantirish;
  • natijalarini bekor qilib takroriy imtihon tayinlash.

Shuningdek, apellyatsiya komissiyasining qarori yuzasidan sudga shikoyat topshirish mumkinligi qayd etilgan.

Yil boshida chet el fuqarolariga doimiy yashash ruxsatnomasini beruvchi “E-Chet el fuqaro” elektron tizim yaratilishi haqida ma’lum qilingandi.

Ko‘chmas mulk sotib olish orqali yirik investitsiya kiritgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmaganlarga yashash guvohnomasini olish huquqini berish imkoniyati yaratiladi.


Avvalroq migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish hamda avtomototransport vositalarini ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini takomillashtirish qaratilgan hukumat qarori qabul qilingandi.