Hukumatning tegishli qarori bilan haydovchilarini tayyorlash hamda qayta tayyorlash bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatini litsenziyalashga oid ayrim qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritildi.

Kiritilayotgan o‘zgartirishlar bilan avtomaktablarning faoliyatini litsenziyalash pasporti tasdiqlanmoqda. Bunda litsenziyalar IIV tomonidan yuridik shaxsga beriladi.

Arizalarni DXM bilan birga, Yagona portal yoki Litsenziya axborot tizimi orqali jo‘natish mumkin.

Bunda murojaatchining arizalarini ko‘rib chiqish uchun yig‘im undirilib, uning miqdori BHMning 2 baravarini (660 ming so‘m) tashkil etadi. Agar xizmatdan Yagona portal orqali foydalanilganda yig‘im summasining 90%i — 594 ming so‘m to‘lash kerak bo‘ladi.

IIV arizalar qabul qilinganidan keyin 15 ish kuni ichida hujjatlarni litsenziya talablari va shartlariga muvofiqligini aniqlaydi.

Arizaga quyidagilar ilova qilinishi kerak:

  • yong‘in va sanitariya-epidemiologiya xizmati organlarining xulosasi;
  • pedagogik kadrlar haqida ma’lumot;
  • o‘quv reja va dasturlarining elektron nusxalari.

Litsenziya berilganligi uchun davlat boji miqdori BHMning 10 baravari — 3,3 mln so‘mni tashkil etadi.

Avvalroq 1-noyabridan avtomobillarga davlat raqami belgilarini berishda undiriladigan to‘lovlar stavkalari o‘zgartirilishi haqida ma’lum qilingandi.

Bunda mehnat organlari tomonidan nogironligi bo‘lganlarga imtiyozli shartlarda berilgan transport vositasiga RO‘DRB berish uchun to‘lov undirilmaydi.

Spot haydovchilik guvohnomasini olish tartibi hamda to‘lovlari qanday ekanligi haqida ma’lumot bergandi.