O‘zbekistonda ayrim toifaga kiruvchi talabalarning to‘lov-kontrakt pullari to‘lab beriladi. Bu bo‘yicha 2022-yilning iyun oyida qabul qilingan hukumat qarorida qayd etilgandi.

Xususan, quyidagi toifaga kiruvchi talabalarning kontrakt summalari qoplab beriladi:

  • “Temir daftar"ga kiritilgan oila farzandi;
  • “Ayollar daftari"ga kiritilgan ayollar farzandi;
  • “Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilgan oilaning professional yoki OTM da ta’lim olayotgan farzandi;
  • Mehribonlik uyi yoki Bolalar shaharchasida tarbiyalangan o‘quvchi-talaba;
  • ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, vasiylikka olingan kam ta’minlagan o‘quvchi-talaba;
  • oila a’zolarining kamida bittasi I guruh yoki har ikkisi II guruh nogironligi bo‘lgan kam ta’minlangan oilaning professional yoki OTM da ta’lim olayotgan farzandi;
  • nogironligi yoki salomatligida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchi-talaba;
  • oilasi kam ta’minlangan talaba.

Professional ta’lim tashkilotlarida ta’lim olayotgan hamda faoliyat yuritayotgan davlat, nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining filiallarida ta’lim olayotgan quyidagi talabalarga kontrakt summasining bir qismi to‘lab beriladi:

  • bakalavriatning kunduzgi, sirtqi va kechki shaklida;
  • magistraturaning kunduzgi yo‘nalishida.

Mazkur xarajatlar yoshlar yetakchisining ijobiy tavsiyasi asosida to‘lov-kontraktining 50%igacha, biroq BHMning 50 baravari (16,5 mln so‘m) dan oshmagan miqdorda sxemaga muvofiq to‘lab beriladi.

To‘lov-kontrakt xarajatlarining bir qismini qoplab berish quyidagi toifalarlarga amal qilmaydi:

  • ikkinchi va undan keyingi mutaxassislik;
  • qo‘shma ta’lim dasturlari;
  • tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotganlar.

Nima qilish kerak?

Bunda talabalar to‘lov-kontrakt xarajatlarining bir qismini to‘lab berishni so‘rab Vasiylik kengashiga to‘lov-kontrakt asosida o‘qish haqida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan shartnoma (kontrakt) nusxasini taqdim etish lozim.

Kontraktda o‘qishning belgilangan muddati va bir yil uchun to‘lov miqdori ko‘rsatilgan bo‘lishi talab etiladi.

Hujjatlar taqdim etilgandan so‘ng Vasiylik kengashi 3 ish kuni ichida murojaatni unga ilova qilingan hujjatlar bilan birga ariza beruvchi yashab kelayotgan mahalladagi yoshlar yetakchisiga ko‘rib chiqish uchun yuboradi.

Mahalladagi yoshlar yetakchisi 5 ish kuni ichida to‘lov-kontrakt xarajatlarini qoplash haqidagi tavsiyanoma yoki rad etish to‘g‘risidagi xabarnomani Vasiylik kengashiga yuboradi.

Bunda to‘lov-kontrakt xarajatlarini qoplashni rad etish haqida xabarnoma yuborilganda rad etish sabablari asoslanishi talab etiladi.

Agar mahalladagi yoshlar yetakchisi murojaatni unga tushgan paytdan boshlab besh ish kuni ichida ko‘rib chiqmasa yoki subsidiya ajratishni asossiz rad etish haqida xabarnoma bersa, ariza beruvchining murojaati ushbu paragraf talablariga muvofiq bo‘lganda Vasiylik kengashi uning murojaatini qanoatlantirish huquqiga ega bo‘ladi.

Murojaatni o‘rganish natijalari bo‘yicha Vasiylik kengashi tomonidan to‘lov-kontrakt xarajatlarini qoplash haqida qaror qabul qilingandan so‘ng 3 ish kuni ichida belgilangan miqdordagi to‘lov-kontrakt mablag‘lari professional ta’lim yoki oliy ta’lim tashkilotining hisob raqamiga o‘tkazib beriladi.

Yana qanday yengilliklar bor?

Joriy yilning 1-avgustidan kontrakt to‘lovlari soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritildi. Bu tartib ta’limning barcha bosqichlari — maktabgacha, maktab va oliy ta’lim tizimiga joriy etiladi.

Bunda soliq to‘lovchilar tomonidan yoshidan qat’i nazar farzandlarining O‘zbekiston ta’lim tashkilotlarida ta’lim olishlari uchun yo‘naltiriladigan to‘lovlariga soliq solinmaydi.

2022-yili magistraturada o‘qiyotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini qoplab berish tartibi belgilandi. Buning uchun xotin-qizlar 15-sentabrgacha o‘zlari o‘qiyotgan OTM rektori nomiga ariza bilan murojaat qilishlari kerak.

Shuningdek, ijarada turadigan talabalarga oylik ijara to‘lovining bir qismi qoplab beriladi. Bu ijara shartnomasining summasidan qat’i nazar quyidagicha:

  • Toshkent shahrida — BHMning bir baravari (330 ming so‘m);
  • qolgan hududlarda — BHMning yarim baravari (165 ming so‘m).

2023−2024 o‘quv yilida 1-kurs talabalari uchun davlat xizmati markazlari va Yagona portal orqali talabalar turar joyiga joylashtirish bo‘yicha bepul xizmat ko‘rsatiladi.