“EPAM” kompaniyasi “Automated Testing in Python” onlayn dasturiga arizalar qabul qilmoqda.

Unda ishtirok etish bepul bo‘lib, trening Gruziya, Armaniston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolari hamda mazkur mamlakatlarning doimiy rezidentlari uchun taqdim etiladi.

Automated Testing — bu muntazam testlarni tezlashtirish va qo‘lda sinovdan o‘tkazish mumkin bo‘lmagan kod qismlarini tahlil qilish uchun avtomatik rejimda dasturiy ta’minot sinovlarini o‘tkazish jarayoni.

Trening matnli ma’lumotlar, viktorinalar va amaliy topshiriqlardan iborat bo‘lib, ishtirokchilar barcha o‘quv materiallaridan 24/7 foydalanishlari mumkin.

O‘rnatilgan ko‘rsatmalar va mavjud ma’lumotlar taqdimoti dasturni oson boshqarishga yordam beradi. Shuningdek, ishtirokchilar savollar bilan murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi.

Treningda ishtirok etish uchun nomzodlar quyidagi talablarga javob berishi kerak:

  • Ingliz tili darajasi B1 (Intermediate) va undan yuqori;
  • Kompyuter fanidan bazaviy bilimga ega bo‘lish;
  • materiallar bilan mustaqil ishlash va belgilangan muddatlarga rioya qilish qobiliyati.

Shuningdek, har qanday dasturlash tilidan xabardor nomzodlar ustunlikka ega.

Kursda ishtirok etish uchun joriy yilning 1-oktabrigacha havola orqali ariza jo‘natish kerak.

Ro‘yxatdan o‘tgandan keyin 5 kun ichida platformada B1 (Intermediate) va undan yuqori darajadagi natijani olish zarur. Ingliz tili testidan o‘tgan nomzodlar xabardor qilinadi.

Kursni muvaffaqiyotli tugatgan ishtirokchilarga sertifikat taqdim etiladi. Batafsil ma’lumot bu yerda.

Avvalroq “EPAM” Java bo‘yicha bepul amaliyot dasturiga arizalar qabul qilayotgani haqida xabar berilgandi.