O‘zbekiston Gruziya bilan vinochilik sohasida hamkorlik qilishga kelishib oldi. Bu haqda Gruziya Qishloq xo‘jaligi vazirligi ilmiy-tadqiqot instituti matbuot xizmatiga tayanib, “TASS” nashri xabar berdi.

Bu bo‘yicha, O‘zbekiston bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Gruziya tomoni o‘rtasida muzokaralar olib borilgan. Natijada, uzumchilik va vinochilik sohasida hamkorlikni nazarda tutuvchi anglashuv memorandumi imzolangan.

“Tashrifimizdan asosiy maqsad uzumchilik va vinochilik sohasida Gruziya tajribasini almashish hamda uni O‘zbekistonda joriy etishdan iborat. Institutimiz negizida uzum navlarini yetishtirishga mo‘ljallangan ko‘chatxona tashkil etishni rejalashtirganmiz. Gruziya [uzum] navlarini O‘zbekiston sharoitida sinovdan o‘tkazamiz”, — deydi O‘zbekiston ilmiy-tadqiqot instituti direktori Ulug‘bek Abdug‘aniyev.

O‘zaro imzolangan hujjat ko‘chatlarni xalqaro standartlarga muvofiq sertifikatlashni joriy etish, ko‘chatchilik iqtisodiyotini rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish va qo‘shma seminar va anjumanlar o‘tkazishni nazarda tutadi.

2019-yili prezidentning tegishli farmoni bilan Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi tashkil etilgan.

Joriy yilning avgust oyida esa 2023−2026 yillarda uzumchilik va vinochilik sohasini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.

“Made in Uzbekistan” brendi ostida vino savdo uylarini ochish hamda vino mahsulotlari eksportini targ‘ib qilish bo‘yicha choralar ko‘rilishi belgilangan.