Sakkiz oyda Koreyada ishlayotgan o‘zbekistonliklarning $148 mingdan ortiq pullari undirib berildi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, joriy yilning avgust oyida agentligining Koreyadagi vakolatxonasi tomonidan 7 nafar migrantga oylik ish haqi va sug‘urta mablag‘larini olishda yordam ko‘rsatilgan.

Natijada, ularning 40,1 mln koreys voni ($30 307) miqdoridagi oylik ish haqi va sug‘urta mablag‘lari undirib berilgan.

Shuningdek, o‘tgan davrda yuridik tashkilotlar bilan hamkorlikda Koreyada vaqtincha mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklarning jami $148 032 miqdoridagi sug‘urta, kompensatsiya hamda oylik ish haqi mablag‘lari undirib berilgan.

Yil boshida mamlakatga E-9 vizasi asosida ishchi kuchi yuboruvchi 16 ta davlat uchun umumiy kvota soni 2023-yil uchun 110 ming etib belgilangandi.

Avvalroq Koreyaning Qirol Sejong koreys tili markazi (KSIF) o‘zbekistonliklarni til kurslariga jalb qilishi haqida xabar berilgandi. Bu bo‘yicha quyidagi kelishuvlar amalga oshirildi:

  • koreys tiliga o‘qitish sifatini oshirish;
  • texnologiyalar asosida qisqa vaqt ichida o‘rgatish;
  • EPS-Topik test imtihonlariga ixtisoslashtirilgan o‘quv dasturlari asosida onlayn/oflayn o‘quvlarni tashkil etish.

Til o‘rganuvchilarni o‘quv qurollari va tarqatma materiallar bilan ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlar markaz tomonidan moliyalashtiriladi.